Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida (SQ-285-IV-son)
24.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 21-oktabrdagi SQ-157-IV-sonli Qarori bilan aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobni tahlil qilib, Oliy Majlis Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Xususan, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 804-sonli qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari koʻrsatish sohasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” va “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi suv taʼminoti tashkilotlarining mablagʻlarini shakllantirish va uni taqsimlash tartibi tasdiqlangan.
Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashda Davlat budjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa manbalardan jalb qilingan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari samaradorligiga erishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi 4883-sonli qarori bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tashkil etilgan.
Loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni shaffof tizimda tanlash maqsadida tender va tanlov savdolari oʻtkazilishi va affillangan shaxslar haqidagi maʼlumotlarning davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirilishi tashkil etilgan.
Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish kompaniyasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tarkibidan “Oʻzsuvtaʼminoti” AJ tarkibiga oʻtkazilib, buyurtmachi va foydalanishga qabul qiluvchi sifatida manfaatdor taraflar faoliyati tashkil etilgan hamda loyiha samaradorligini nazorat qilishda yangi tizim yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga, bugun mamlakat aholisining faqat 65 foizi markazlashgan ichimlik suvi tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega. Isteʼmolchilarning 51 foizi esa, suv hisoblagich jihozlari bilan taʼminlangan xolos, shuningdek, ichimlik suvi tarmoqlarining 38 foizi rekonstruksiyaga muhtoj.
Bundan tashqari, sohada aholiga suv yetkazib berish, suv inshootlarini rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarasiz foydalanish, noqonuniy sarflangan mablagʻlarni undirish, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan shaxslarni javobgarlikka tortish masalalari oxirigacha hal etilmagan hamda ular yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Senatiga aniq va batafsil javob bermagan.
Birgina Qashqadaryo viloyatida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash uchun 2020-yilda 15 ta obyektga ajratilgan 182,4 mlrd soʻmdan 23,9 mlrd soʻmlik qurilish va rekonstruksiya ishlarida 14 ta obyektda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani sababli obyektlar ishga tushurilmagan va buning oqibatida aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanmagan.
Shuningdek, suv taʼminoti korxonalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun isteʼmolchilarga toʻlovlarning toʻliq hisoblanmasligi, korxona tomonidan mavjud isteʼmolchilarning abonentlar elektron billing tizimi bazasiga toʻliq kiritilmaganligi, daromadlar bazasidan toʻlaqonli ravishda foydalanilmayotganligi, oʻz navbatida, soha korxonalari moliyaviy faoliyatini qoniqarsiz koʻrsatkichlar bilan yakunlashiga olib kelmoqda.
Jumladan, suv taʼminoti korxonalarining 2021-yil 1-yanvar holatiga debitorlik qarzi 591,4 mlrd soʻmni tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 149 foizga oʻsgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”da 2017-yildan boshlab tuman (shahar)larda foydalanishga topshirilgan oqova suv tozalash inshootlari boʻyicha xulosa tayyorlash belgilanib, ushbu muddatda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan loyihalar yuzasidan xulosalar tayyorlash nazarda tutilmagan.
Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlarni hamda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan parlament soʻrovi natijalari yuzasidan Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalar qoʻmitasi raisi E. Gadoyev axborotini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovida aks ettirilgan masalalar toʻliq oʻz yechimini topmaganligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017-yildan boshlab tuman (shahar)larda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan loyihalar hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 804-sonli qarori bilan qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” hamda mablagʻlarni shakllantirish va taqsimlash tartibining ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Senatiga 2021-yilning 1-noyabriga qadar batafsil axborot kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda aholiga ichimlik suvi yetkazib berish, suv inshootlarini rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan maqsadli mablagʻlardan samarali foydalanish hamda mavjud muammolarning hal etilmaganligi sabablarini oʻrganish, shuningdek tegishli xodimlar javobgarligini koʻrib chiqish;
ikki oy muddatda suv taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar miqdori toʻliq hisoblanmasligi, abonentlarning elektron billing tizimi bazasiga toʻliq kiritilmaganligi, daromadlar bazasidan toʻlaqonli foydalanilmasligi holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrsin;
ushbu band ijrosi yuzasidan 2021-yilning 1-iyuliga qadar Oliy Majlis Senatiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 24-aprel,
SQ-285-IV-son
