Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida (274-I-son)
30.08.1996
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Noshirlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻzbekiston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
Basharti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida Oʻzbekiston Respublikasining noshirlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligidagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Noshirlik faoliyatining erkinligi
Noshirlar oʻz faoliyatlarida, shu jumladan noshirlik yoʻnalishini, mavzularini, ixtisoslashuvini, chiqariladigan mahsulot nusxasini belgilashda, muallifni tanlashda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunchiligi doirasida mustaqildir.
Noshir va buyurtmachi oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinadi.
3-modda. Senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi
Nashrga tayyorlangan qoʻlyozmalar va materiallarni senzuradan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-modda. Noshirlik faoliyati erkinligini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmasligi
Matbaa mahsulotida konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish, davlat ahamiyatiga molik sirlarni oshkor qilish, urush, zoʻravonlik va behayolikni targʻib qilish, diniy va milliy nifoq solish, inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, tuhmat qilish man etiladi.
Noshirlik faoliyatida monopoliyaga, shuningdek noshirlik faoliyati erkinligidan qonunchilik talablariga zid keladigan maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-modda. Noshirlik faoliyati monitoringi va nazorati
Nashriyotlarning (noshirlarning) noshirlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishlari monitoringi, shuningdek litsenziya talablari va shartlariga rioya etishlari ustidan nazorat vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-modda. Noshirlik faoliyatini litsenziyalash
Yuridik va jismoniy shaxslar noshirlik faoliyatini litsenziya olganidan keyin amalga oshirishga haqli.
Noshirlik faoliyatini litsenziyalash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7-modda. Litsenziyalar berishda davlat bojlarining imtiyozli miqdorlari
Bolalar adabiyoti, oʻquv adabiyoti, normativ maʼlumotnomalar, fan va texnikaga oid adabiyotni nashrga tayyorlash va ularni nashr etish uchun litsenziya berganlik uchun davlat bojlarining imtiyozli miqdorlari belgilanishi mumkin.
8-modda. Muassis
Yuridik va jismoniy shaxslar nashriyotlar va matbaa korxonalarining muassislari (hammuassislari) boʻlishi mumkin.
Muassis (hammuassis) noshirning ixtisoslashuvini belgilaydi va uning ustavini tasdiqlaydi.
9-modda. Noshir
Noshir:
nashriyotga, matbaa korxonasiga, shuningdek matbaa mahsulotlarini tarqatuvchi boshqa korxonalarga muassis (hammuassis) boʻlish;
mavzular boʻyicha matbaa mahsulotlari chop etish rejasini mustaqil ravishda tuzish va tasdiqlash;
Vatanimiz mualliflarining asarlaridan chet ellarda va chet ellik mualliflarning asarlaridan Oʻzbekiston Respublikasida foydalanish, ularni chop etish va tarqatish toʻgʻrisida chet el yuridik va jismoniy shaxslari bilan shartnomalar tuzish va bu ishda vositachilik qilish;
matbaa mahsuloti tayyorlash hamda nashr etish uchun buyurtmalar olish, oʻz mahsulotini realizatsiya qilish;
qonunchilikka muvofiq oʻzga faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
10-modda. Matbaa mahsulotlarini tarqatish tartibi
Matbaa mahsulotlarini tarqatish muassis, noshir, matbaachi va muallifning kelishuviga muvofiq yoki shartnoma asoslarida oʻzga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Matbaa mahsulotini tarqatish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Matbaa mahsuloti noshir yoki uning vakolati bilan ish koʻruvchi shaxs ruxsat berganidan keyingina tarqatuvga chiqariladi.
11-modda. Nashrga doir maʼlumotlar
Matbaa mahsulotining nashrga doir maʼlumotlari qonunchilik bilan belgilanadi.
12-modda. Mualliflik nashrlari
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻz qoʻlyozmalari va boshqa materiallarni qonunchilikda belgilangan talablarga zid kelmaydigan hollarda oʻz mablagʻlari hisobidan chop etish va tarqatishga haqlidir.
13-modda. Imtiyozli nashrlar
Bolalar adabiyoti, oʻquv adabiyoti, fan va texnikaga oid adabiyot, normativ maʼlumotlar, qomusiy qoʻllanma va eksport uchun moʻljallangan matbaa mahsulotlari, shuningdek koʻzi ojizlar va nogironlar uchun moʻljallangan nashrlar imtiyozli asosda chop etilishi, qogʻoz va boshqa resurslar, shu jumladan matbaa quvvati bilan taʼminlanishi mumkin.
14-modda. Matbaa mahsulotini olib chiqish va olib kirish
Matbaa mahsulotini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish, xuddi shuningdek Oʻzbekiston Respublikasiga chet el matbaa mahsulotini olib kirish va tarqatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
15-modda. Noshirlik faoliyatini tugatish
Noshirlik faoliyati litsenziya belgilangan tartibda bekor qilinganda yoki uning amal qilishi tugatilganda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda tugatiladi.
16-modda. Noshirlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik
Noshirlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-avgust,
274-I-son
