Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (243-son)
27.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarda budjetdan tashqari jamgʻariladigan mablagʻlarni shakllantirish va ulardan samarali foydalanish, birinchi sinf oʻquvchilari hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida taʼlim oladigan nogiron bolalar, shuningdek, kam taʼminlangan oilalarga mansub oʻquvchilarni zamonaviy yagona maktab formasi toʻplamlari bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hamda ulardan foydalanish yoʻnalishlarini belgilash;
jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish;
jamgʻarma mablagʻlarning xarajatlari ijrosini nazorat qilish.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yildan boshlab maktablardagi barcha 1 — 11-sinf oʻquvchilarining 15 foizidan koʻp boʻlmagan kam taʼminlangan oilalarga mansub oʻquvchilarni zamonaviy yagona maktab formasi toʻplamlari bilan bepul taʼminlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
birinchi sinf oʻquvchilari hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida taʼlim oladigan nogiron bolalar uchun beriladigan oʻquv qurollari toʻplami bilan tekin taʼminlash tartibini;
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda kam taʼminlangan oilalarga mansub 1 — 11-sinf oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi toʻplamlari bilan tekin taʼminlash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-aprel,
243-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 243-son qaroriga1-ILOVA
Xalq taʼlimi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari (keyingi oʻrinlarda — jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Ushbu Nizom xalq taʼlimi tizimidagi barcha davlat taʼlim muassasa va tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlarining koʻchmas mol-mulkini ijaraga berishdan balansda saqlovchiga tushadigan mablagʻlar;
oʻquv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat taʼlim standartlaridan tashqari) mashgʻulotlar boʻyicha qoʻshimcha taʼlim berishdan olingan daromadlar;
xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlari faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
vaqtincha boʻsh turgan milliy valyutadagi mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
muassasa va tashkilotlarning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarining lavozim maoshiga belgilangan qoʻshimcha haqni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarning moliya yili yakuniga qadar ishlatilmay qolgan budjet mablagʻlari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
4. Jamgʻarma mablagʻlari tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar rejasida nazarda tutilgan maqsadlar uchun moliyalashtiriladi.
Bunda xalq taʼlimi muassasasi va tashkiloti rahbarini moddiy ragʻbatlantirish va xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hisobga olinishi lozim.
Jamgʻarmaga yoʻnaltirilgan muassasa va tashkilotlarning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarining lavozim maoshiga belgilangan qoʻshimcha haqni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarning moliya yili yakuniga qadar ishlatilmay qolgan budjet mablagʻlari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
tashkilotning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bino va inshootlarni, ilmiy laboratoriyalarni texnik shartlar asosida joriy taʼmirlash va jihozlash, xalqaro ilmiy axborot bazalari va kutubxona resurslariga ulanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish;
xodimlarni yetakchi milliy va jahonda eng yuqori mingtalik reytingga kiruvchi yoki yoʻnalishlar boʻyicha jahonda eng yuqori yuztalik reytingga kiruvchi xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalariga qayta tayyorlov, malaka oshirish va amaliyotga yuborish orqali kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, xodimlarning xorijiy ilmiy anjumanlarda maʼruza bilan ishtirok etishi va qatnashishi, xalqaro tan olingan maʼlumotlar bazasidagi yetakchi ilmiy jurnallarda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini nashr qilish.
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar rejasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar faqat xalq taʼlimi muassasasi rahbarining asosli yozma murojaati asosida umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashi roziligi bilan amalga kiritiladi.
Mazkur bandning oltinchi xatboshisida belgilangan muassasalardan boshqa xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlari jamgʻarmalarining daromadlar va xarajatlar rejasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish ularning rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
Xalq taʼlimi muassasalari va tashkilotlari rahbarlari jamgʻarma mablagʻlarini erkin yoʻnaltirish huquqiga ega.
5. Jamgʻarmaga oylik, choraklik yoki yillik tushgan mablagʻlar boʻyicha (maqsadli homiylik xayriyalaridan tashqari) jami summadan oʻn foizgacha boʻlgan miqdori mazkur muassasa va tashkilot rahbarini moddiy ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
Bunda muassasa va tashkilot rahbarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻni hisoblashda ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga belgilangan qoʻshimcha haqni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarning moliya yili yakuniga qadar ishlatilmay qolgan budjet mablagʻlari hisobga olinmaydi.
6. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jamgʻarmaga koʻrsatilgan homiylik xayriyalari, agar homiy bilan aniq maqsadlar uchun yoʻnaltirilishi kelishilmagan boʻlsa, muassasa va tashkilot rahbari va buxgalteri tomonidan xarajatlar rejasiga oʻzgartirish tayyorlanib, umumtaʼlim muassasasi uchun Kuzatuv kengashi roziligi bilan, boshqa xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlari uchun rahbar tomonidan xalq taʼlimi muassasasi va tashkiloti xarajatlariga sarflanadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini hisobga olish va hisob-kitobini yuritish
7. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati (muassasa va tashkilot buxgalteri) yoki muassasa va tashkilotning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi buxgalteri tomonidan yuritiladi. Bunda muassasaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi buxgalter shtatini saqlash boʻyicha barcha xarajatlar budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
8. Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar rejasi muassasa rahbari va buxgalteri tomonidan tayyorlanib, umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashiga kelishish uchun kiritiladi.
Umumtaʼlim muassasasi Kuzatuv kengashining roziligi olingandan soʻng daromadlar va xarajatlar rejasi muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida belgilangan muassasalardan boshqa xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlarida jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar rejasi ularning rahbari va buxgalteri tomonidan tayyorlanadi va tasdiqlanadi.
9. Jamgʻarma tushumlari (maqsadli homiylik xayriyalaridan tashqari) quyidagi tartibda yoʻnaltiriladi:
respublika darajasidagi muassasa va tashkilotlar tushumlarining besh foizi Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga;
hududiy xalq taʼlimi boshqarmalarining toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysinuvidagi muassasa va tashkilotlar tushumlarining besh foizi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarining jamgʻarmalariga;
tuman (shahar) darajasidagi muassasa va tashkilotlar tushumlarining ikki foizi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari jamgʻarmalariga, uch foizi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari huzuridagi Xalq taʼlimi xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmalariga.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tushumlari ularning ixtiyorida qoldiriladi.
91. Jamgʻarma mablagʻlari tashkilotlarning “4001” mablagʻlar manbasi boʻyicha tegishli gʻaznachilik shaxsiy hisobvaragʻida shakllantirilib, barcha xarajatlar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarning xarajatlari ijrosini nazorat qilish
10. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish yuzasidan dastlabki va joriy nazoratni amalga oshiradi.
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan faqat taʼlim muassasasi rahbari tomonidan berilgan yozma murojaatga asosan, barcha zarur hujjatlar taqdim etilgandan soʻng tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati yoki muassasaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi buxgalter tomonidan foydalaniladi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan muassasalardan boshqa xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlari rahbari topshirigʻiga asosan ularning buxgalteri yoki budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi buxgalter tomonidan foydalaniladi.
Bunda shartnomalarni imzolash, mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) turlarini tanlash, mahsulotlarni (ishlar, xizmatlarni) sifatli qabul qilib olish taʼlim muassasa va tashkiloti rahbari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Amalga oshirilgan ishlar uchun taʼlim muassasasi va tashkiloti rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari:
tegishliligi boʻyicha xalq taʼlimi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning jamgʻarmalariga mablagʻlarning tushumlari (pullik xizmatlar, ijara, homiylik xayriyalari, grantlar va boshqalar) toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni olishga;
xalq taʼlimi tizimidagi muassasa va tashkilotlar tomonidan mablagʻlar gʻayriqonuniy sarflanganda, shuningdek, moliyaviy hisobotlar va boshqa belgilangan hisobot taqdim etilmaganda, bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasini yoki ushbu vazirlik rahbariyatini xabardor qilgan holda budjetdan tashqari mablagʻlar xarajatlarini moliyalashtirishni (toʻlashni) cheklash va zarur hollarda toʻxtatib qoʻyishga haqli.
Jinoyat alomatlari boʻlgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tekshirish materiallarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga topshirishi lozim.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etish yoki boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish (ishlatish) bilan bogʻliq har qanday koʻrinishdagi aralashish taqiqlanadi.
14. Xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlarining rahbarlari va buxgalterlari Jamgʻarma mablagʻlari toʻgʻri shakllantirilganligi, ulardan samarali, oqilona va toʻgʻri foydalanish, mazkur mablagʻlarning hisob-kitobining toʻgʻri yuritilishi boʻyicha shaxsan javob beradilar.
Xalq taʼlimi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Xalq taʼlimi muassasa va tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
SXEMASI
Izoh. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tarkibiga kirmagan muassasa va tashkilotlar (alohida budjet mablagʻlari hisobidan buxgalter lavozimi kiritilgan) daromadlar va xarajatlar rejalari ijrosini mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 243-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-sentabrdagi 490-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus taʼlim-tarbiya muassasalaridagi alohida mehnat sharoitlari uchun qoʻshimcha haq belgilangan pedagog xodimlar lavozimlari roʻyxatiga, mazkur toʻlovlarning turlari va miqdorlarining I-bandiga quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshisi qoʻshilsin:
“e) inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilingan va tayanch korreksion sinflar ochilgan umumtaʼlim maktablarining maxsus pedagoglariga ularning bazaviy tarif stavkasiga har oyda 50 foiz ustama haq toʻlanadi.”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻqituvchilar va oʻquvchilar moddiy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 20-avgustdagi 409-son qarorining:
a) 5-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Xalq taʼlimi vazirligi 2021-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagilarni har yili:
birinchi sinf oʻquvchilari hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida taʼlim oladigan nogiron bolalar uchun beriladigan oʻquv qurollari toʻplami;
maktablardagi barcha 1 — 11-sinflar oʻquvchilarining 15 foizidan koʻp boʻlmagan kam taʼminlangan oilalarga mansub oʻquvchilarni zamonaviy yagona maktab formasi toʻplamlari bilan bepul taʼminlash joriy qilinsin”;
b) 1- va 2-ilovalar chiqarib tashlansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 12-son, 63-modda):
a) 4-bandda:
ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“a) sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra sinf rahbarligi uchun:
15 nafar oʻquvchigacha — 26,4 foiz;
16 nafardan 20 nafar oʻquvchigacha — 31,6 foiz;
21 nafardan 25 nafar oʻquvchigacha — 36,9 foiz;
26 nafardan 30 nafar oʻquvchigacha — 42,1 foiz;
31 nafar va undan koʻp oʻquvchi boʻlganda — 52,8 foiz;”;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda oʻqituvchilar yozgi yillik mehnat taʼtilidan qaytgandan keyin ularga yangi oʻquv yili boshlangunga qadar daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik hamda informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari amalga oshirilmaydi”;
b) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Xalq taʼlimi muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlari
Maktabdan tashqari muassasalar boʻlim, seksiya, laboratoriya, kabinet mudirining ish haqi miqdori (kontingentdan qatʼi nazar) ikkinchi malaka toifali toʻgarak rahbarining ish haqiga teng miqdorda belgilanadi.”;
v) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Xalq taʼlimi muassasalari rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlari
g) 3-ilovaning 10-bandida:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“a) sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra sinf rahbarligi uchun:
15 nafar oʻquvchigacha — 26,4 foiz;
16 nafardan 20 nafar oʻquvchigacha — 31,6 foiz;
21 nafardan 25 nafar oʻquvchigacha — 36,9 foiz;
26 nafardan 30 nafar oʻquvchigacha — 42,1 foiz;
31 nafar va undan koʻp oʻquvchi boʻlganda — 52,8 foiz;”;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda oʻqituvchilar yozgi yillik mehnat taʼtilidan qaytgandan keyin ularga yangi oʻquv yili boshlangunga qadar daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik hamda informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari amalga oshirilmaydi”.
d) 3-ilovaga quyidagi mazmundagi 20-band qoʻshilsin:
“Oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati asosida oʻqituvchilarga bir yarim stavka miqdorigacha belgilangan dars soatlarining bir stavkadan ortiq boʻlgan qismi boʻsh ish oʻrinlari sifatida qayd etilmaydi.”
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2006-yil 16-fevraldagi 25-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 39-modda;):
a) qaror muqaddimasidagi “shuningdek, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablariga muvofiq” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) Maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi tuzilmasida:
“A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti” soʻzlari “Xalq taʼlimi vazirligining A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari” soʻzlari “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Isteʼdod” jamgʻarmasi” soʻzlari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari” soʻzlari “tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda yengil xizmat avtomashinalaridan foydalanishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 26-maydagi 153-son qarorining rus tilidagi matnida:
a) 1-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Pri etom, uchrejdeniyam i organizatsiyam sistemi narodnogo obrazovaniya, finansiruyemim iz Gosudarstvennogo budjeta, razreshayetsya ispolzovaniye i priobreteniye legkovix avtomobiley i drugix vidov avtotransportnix sredstv svishe utverjdennogo predelnogo kolichestva slujebnix legkovix avtomobiley, pri uslovii ix soderjaniya (soderjaniye voditelya, obespecheniye goryuche-smazochnimi materialami, texnicheskoye obslujivaniye i procheye), za schet vnebudjetnix sredstv.”.
b) 1-ilovaning 11-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
8. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-martdagi 67-son qarori bilan tasdiqlangan Umumtaʼlim muassasalarining chet tillar oʻqituvchilari kasb mahoratini oshirish har haftalik kurslarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
3-banddagi “institutlar” soʻzlari tegishli kelishikdagi “markazlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-bandning birinchi xatboshisidagi “A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markaziy instituti” soʻzlari “Xalq taʼlimi vazirligining A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7 — 10 va 27-bandlardagi “Markaziy institut” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Institut” soʻzi bilan almashtirilsin;
16, 23 va 27-bandlardagi “hududiy institut rektori” soʻzlari “hududiy markaz direktori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
27-banddagi “hududiy institutlar tomonidan Markaziy institutga” soʻzlari “hududiy markazlar tomonidan Institutga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomda:
15-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari (maktab va maktab-internatlar) (oʻqitish muddati 11 yil: I — XI sinflar) (intellektual rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda (oʻqish muddati 9 yil: I — IX sinflar);”.
30-banddagi “Vazirlar Mahkamasi” soʻzlari “Xalq taʼlimi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 6-apreldagi 187-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 14-son, 230-modda):
a) qaror muqaddimasidagi “va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga” soʻzlari “qonuniga” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovaning 2-bandi toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
v) 2-ilovaning 2-bandi toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
g) 5-ilovaning 1-bandidagi “, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlari” soʻzlari “qonuni” soʻziga almashtirilsin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktabrdagi 795-son qarori bilan tasdiqlangan Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorining rus tilidagi matni 2-ilovasida (Xizmatchilarning asosiy lavozimlari tasnifi):
1531-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
156-pozitsiyaning “Naimenovaniye doljnostey slujashix” ustunidagi “detskogo doma” soʻzlari “domov Mehribonlik” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-fevraldagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi toʻgʻrisida nizomda:
a) 9-bandning uchinchi xatboshisidagi “A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti” soʻzlari “A. Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 11-bandning “8)” kichik bandida:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“umumtaʼlim muassasalari direktorlarini lavozimga tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishish uchun nomzodlarni tavsiya qiladi va belgilangan tartibda ularni egallagan lavozimidan ozod etish boʻyicha takliflar kiritadi;”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“umumtaʼlim muassasalari direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarini lavozimga tuman (shahar) maʼnaviyat-maʼrifat markazi tavsiyasiga asosan tayinlaydi;”
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishligicha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Xalq taʼlimi vazirligining A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlash.”
v) 18-bandning yettinchi xatboshisidagi “umumtaʼlim muassasalarining kuzatuv kengashlariga” soʻzlari “tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 26-bandda:
quyidagi mazmundagi yigirma toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“umumtaʼlim muassasasining boʻsh turgan binolari va yer maydonlarini ishonchli boshqaruvchiga ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;”;
yigirma toʻrtinchi — oʻttiz birinchi xatboshilar tegishlicha yigirma beshinchi — oʻttiz ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
oʻttiz birinchi xatboshidagi “kuzatuv kengashlariga” soʻzlari “tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
15. Vazirlar Mahkamasining “Tashkent International University of Education” xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 23-iyundagi 404-son qarorining 3-bandiga quyidagi mazmundagi “v” “g” va “d” kichik bandlar qoʻshilsin:
“v) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi potensial investor tanlangandan soʻng:
bir oy muddatda ushbu bandning “b” kichik bandida belgilangan shartlar asosida investor bilan obyektni “nol” xarid qiymatida sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi tuzilishini;
oʻn kun muddatda obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi taqdim etilgandan keyin besh ish kuni mobaynida potensial investorga “tasarruf etish huquqisiz” belgisi bilan mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi berilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga iltimosnoma yuborilishini;
potensial investor tomonidan qabul qilingan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi yuzasidan monitoring olib borilishini;
investitsiyaviy majburiyatlar toʻliq bajarilgan deb eʼtirof etilgan paytdan va penya (yuzaga kelgan taqdirda) toʻliq hajmda toʻlangan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda belgilangan tartibda obyektni “tasarruf etish huquqi” belgisi kiritilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga iltimosnoma yuborilishini taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Xalq taʼlimi vazirligining iltimosnomasi asosida obyektni potensial investorga sotish boʻyicha vazirlik va potensial investor oʻrtasida tuzilgan shartnoma va topshirish-qabul qilish dalolatnomasi taqdim etilgandan keyin besh ish kuni mobaynida potensial investorga “tasarruf etish huquqisiz” belgisi bilan mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini, shuningdek, ushbu shartnoma boʻyicha potensial investor tomonidan investitsiyaviy majburiyatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida bayonnoma va potensial investor tomonidan mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderining asli taqdim qilingan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda “tasarruf etish huquqi bilan” belgisi kiritilishini taʼminlasin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori, istisno tariqasida, mazkur qarorning bajarilishi doirasida tatbiq etilmasligi belgilansin.”
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 243-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzurida Multimedia umumtaʼlim dasturlarini rivojlantirish markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 7-iyundagi 110-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2006-y., 23-son, 208-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2006-yil 2-oktabrdagi 207-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 10-son, 73-modda) 1-ilovaning 30-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2011-yil 20-iyundagi 183-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 6-son, 55-modda) ilovaning 6, 7, 11 va 13-bandlari.
4. Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 22-apreldagi 344-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 30-sentabrdagi 822-son qaroriga ilovaning 5-bandi.
