85-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini sharhlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash ularda normalarning amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar topilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sudga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash haqidagi murojaatda Konstitutsiyada va qonunda ularning amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar mavjudligiga doir vajlar hamda dalillar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Ishni koʻrish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud qaror qabul qiladi, uning xulosa qismida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yoki qonuni normasiga rasmiy sharh boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
