82-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaga muvofiqligi xususida shubha tugʻdirgan aniq normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirib, tekshirilgan hujjatga asoslangan yoxud uning qoidalarini takrorlaydigan normativ-huquqiy hujjatlar xususida ham, garchi Konstitutsiyaviy sud koʻrib chiqishi uchun kiritilgan murojaatda ular toʻgʻrisida soʻz yuritilmagan boʻlsa-da, bir vaqtning oʻzida qaror chiqarishga haqli.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligini toʻliqligicha yoki uning bir qismini tekshirayotganda:
normalar mazmuni boʻyicha;
normativ-huquqiy hujjatning shakli boʻyicha;
davlat organlari va mansabdor shaxslar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan belgilangan vakolatlarning chegaralanishi nuqtai nazaridan;
normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi, imzolanishi, shuningdek rasmiy eʼlon qilinishi va amalga kiritilishi tartibi boʻyicha uning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish toʻgʻrisida.
Qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topib, ularda mazkur qonunning yoki uning bir qismining amaliyotda notoʻgʻri yoxud ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar topilgan taqdirda, ushbu qonun normasiga rasmiy sharh berishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
