62-modda. Guvohlarni eshitish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Guvohlarni eshitish navbati sud tomonidan belgilanadi.
Sud majlisida raislik qiluvchi guvohga koʻrib chiqilayotgan ishning mohiyati yuzasidan oʻziga maʼlum boʻlgan barcha holatlarni bayon qilishni taklif etadi. Tushuntirishlardan keyin guvohga savollar berilishi mumkin.
Guvohga birinchi boʻlib, u qaysi tarafning arizasiga binoan chaqirilgan boʻlsa, oʻsha taraf savollar beradi, soʻngra boshqa taraf, shuningdek sud majlisining oʻzga ishtirokchilari savollar beradi. Konstitutsiyaviy sudning tashabbusi bilan chaqirilgan guvohga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taraf birinchi boʻlib savollar beradi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari guvohga istalgan paytda savollar berishga haqli.
Agar guvoh oʻzi bilgan maʼlumotlarning manbaini koʻrsatib bera olmasa, u maʼlum qilgan maʼlumotlar dalil hisoblanmaydi.
