44-modda. Ekspert, uning huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Ishning pirovard natijasidan manfaatdor boʻlmagan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan hal etilishi lozim boʻlgan masalalar borasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan va ekspert xulosasini berish uchun jalb etiladigan shaxs ekspert hisoblanadi.
Ekspert: ekspertiza predmetiga taalluqli boʻlgan ish materiallari bilan tanishishga va ulardagi zarur maʼlumotlardan koʻchirmalar yozib olishga yoki koʻchirma nusxalar olishga; ekspert xulosasini berish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar oʻziga taqdim etilishi toʻgʻrisida iltimosnomalar kiritishga; sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ekspert xulosasini berish uchun zarur boʻlgan savollarni berishga; oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Ekspert Konstitutsiyaviy sud tomonidan qoʻyilgan savollar boʻyicha xolis va asoslantirilgan xulosa berishi; Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan kelishi; oʻzi tayyorlagan xulosaning mazmunini tushuntirishi; Konstitutsiyaviy sud sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga haqqoniy javob berishi; ekspertizani oʻtkazish munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi shart.
Sud majlisida soʻzga chiqishdan oldin ekspert bila turib yolgʻon xulosa berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
