41-modda. Taraflar va ularning vakillari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Quyidagilar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishda taraflardir:
Konstitutsiyaviy sudga murojaat etgan davlat organi yoki mansabdor shaxs, fuqarolar va yuridik shaxslar;
Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanishi yoki sharh berilishi lozim boʻlgan tegishli hujjatni qabul qilgan davlat organi yoki mansabdor shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatida koʻrsatilgan masalalarni hal qilish oʻz vakolatiga kiritilgan davlat organi.
Taraflar Konstitutsiyaviy sudda shaxsan va (yoki) vakillari orqali ishtirok etishga haqli. Taraf bir yoki bir nechta vakilga ega boʻlishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlari va yuridik shaxslarning rahbarlari Konstitutsiyaviy sudda lavozimi boʻyicha taraflarning vakili boʻlishi mumkin. Lavozimi boʻyicha taraflarning vakillari taraflarning manfaatlarini ishonchnomasiz ifoda etadi.
Ish boʻyicha tarafning vakili sifatida advokat ham ishtirok etishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga koʻra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi.
