34-modda. Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Konstitutsiyaviy sud quyidagi hollarda murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etadi, agar:
murojaat Konstitutsiyaviy sudga taalluqli boʻlmasa;
murojaat predmeti yuzasidan Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari qonuniy kuchga kirgan qaror chiqarilgan boʻlsa, bundan Konstitutsiyaviy sud qarorlarini qaytadan koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud boʻlgan hollar mustasno;
murojaat ushbu Qonunning 27-moddasida koʻrsatilmagan davlat organidan yoki shaxslardan kelib tushgan boʻlsa;
fuqarolarning yoki yuridik shaxslarning murojaati ushbu Qonun 86-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmasa.
Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi va u Konstitutsiyaviy sud apparati tomonidan konstitutsiyaviy sud ishini yuritish manfaatdor ishtirokchilariga yetkaziladi.
