27-modda. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Quyidagilar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi;
Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
Senat aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil.
Agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda koʻrilishi tugallangan muayyan ishda qoʻllanilgan boʻlsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.
