19-modda. Konstitutsiyaviy sud raisining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Konstitutsiyaviy sud raisi:
Konstitutsiyaviy sudga rahbarlik qiladi va uning faoliyatini tashkil etadi;
Konstitutsiyaviy sud tomonidan koʻrib chiqishga qabul qilingan masalalarning tayyorlanishiga rahbarlik qiladi;
Konstitutsiyaviy sudning majlislarini (bundan buyon matnda sud majlisi deb yuritiladi) chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Konstitutsiyaviy sud sudyalari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishini taʼminlaydi;
sud majlislarining qarorlarini va bayonnomalarini imzolaydi;
Konstitutsiyaviy sud devonining ishini tashkil etadi, uning xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
Konstitutsiyaviy sudni saqlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun budjet mablagʻlarini taqsimlaydi.
Konstitutsiyaviy sud raisi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud raisi Qonunchilik palatasi va Senat, ularning organlari majlislarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida ishtirok etishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Konstitutsiyaviy sudning raisi yoʻqligida uning vakolatlarini rais oʻrinbosari amalga oshiradi.
