15-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini toʻxtatib turish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (O‘RQ-687-son) · Sana: 27.04.2021 · Amalda
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sudning qarori bilan toʻxtatib turilishi mumkin:
agar sudyaga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa yoxud u boshqa jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilgan boʻlsa;
u sudya lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat bilan shugʻullanganida;
u sudning qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilganida.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi vakolatlarining toʻxtatib turilishi unga ish haqi toʻlashning toʻxtatib turilishiga olib kelmaydi va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum etmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish tanlangan hollar mustasno.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ularni toʻxtatib turish asoslari bekor boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi.
Sudya vakolatlarini tiklash Konstitutsiyaviy sud qarori bilan rasmiylashtiriladi.
