Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-5083-son)
21.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Geologiya sohasi korxonalarini ilgʻor xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish orqali ularda samarali boshqaruv tizimini joriy etish, foydali qazilmalarning yangi konlarini ochishga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv ishlari tannarxini pasaytirish, konlarni sanoatda oʻzlashtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat geologiya qoʻmitasi) faoliyatini tubdan isloh qilish hamda hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. Moliya vazirligi va Davlat geologiya qoʻmitasining geologiya sohasi tizimida respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari (keyingi oʻrinlarda — davlat dasturlari) doirasida geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, “Qizilqumgeologiya” AJ, “Samarqandgeologiya” AJ, “Surxongeologiya” AJ, “Hisorgeologiya” AJ, “Toshkentgeologiya” AJ, “Markaziy laboratoriya” DUK va “Geoburtexnika” DUKlarni birlashtirish yoʻli bilan ular negizida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ (keyingi oʻrinlarda — Aksiyadorlik jamiyati) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari boʻyicha aksiyador huquqini amalga oshiradi.
2. Quyidagilar Aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
sohaga zamonaviy va yuqori samarali uskunalarni, ilgʻor texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga geologiya sohasini modernizatsiya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali xizmatlar tannarxini kamaytirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish;
zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan unumli foydalanish orqali faoliyatning operatsion samaradorligini oshirish;
zamonaviy raqamli texnologiyalarni qoʻllash hisobiga sohada bajariladigan ishlarning raqobatbardoshligini taʼminlash va geologiya-qidiruv ishlarini nafaqat respublika hududida, balki xorijiy davlatlarda, xalqaro tenderlar gʻolibi sifatida bajarish;
hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirish orqali respublika mineral-xom ashyo bazasi rivojlantirilishini taʼminlash.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro moliya institutlari va konsalting tashkilotlari yordamida, 2025-yilda aksiyalarini ommaviy ravishda birlamchi va ikkilamchi joylashtirish orqali investorlar jalb etilishi belgilab qoʻyilsin.
3. Moliya vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi Aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganidan soʻng:
bir oy muddatda Aksiyadorlik jamiyati tarkibida transformatsiya boʻyicha islohotlarni amalga oshirishni, korporativ boshqaruv va xalqaro standartlarning zamonaviy tizimlarini joriy etishni hamda jamiyatning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalarini bajaruvchi Loyiha ofisi tashkil etilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda Aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi tarkibining kamida 30 foizini malakali xorijiy tajribaga ega soha mutaxassislari bilan toʻldirsin;
uch oy muddatda Aksiyadorlik jamiyati rahbarining oʻrinbosari — moliyaviy direktor (CFO) lavozimini joriy etib, unga yuqori malakali hamda oʻxshash loyihalarda ish tajribasiga ega boʻlgan xalqaro ekspert jalb etilishini taʼminlasin.
4. Quyidagilar:
Davlat geologiya qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalarni isloh qilish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va raqamlashtirishni keng joriy qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Davlat geologiya qoʻmitasining yangi tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
2021-2022-yillarda foydali qazilmalarning yangi konlarini aniqlash uchun istiqbolli maydon va strukturalarda bajariladigan geologiya-qidiruv ishlarining asosiy yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq;
2021-2022-yillarda respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash uchun foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirishning asosiy koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
2021-2022-yillarda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan birlashgan Qalmoqqir va Yoshlik-I konlarining qayta baholanishi hisobiga foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirishning asosiy koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat dasturlari doirasida Davlat geologiya qoʻmitasi buyurtmasiga muvofiq amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlariga shartnomalar asosida qoʻmita tomonidan yoʻnaltiriladigan mablagʻlar geologiya sohasi tashkilotlari ustav fondiga kapitalizatsiya qilinmaydi;
geologiya-qidiruv ishlari natijasida aniqlangan yangi maydon va strukturalar, shuningdek, foydali qazilmalarning yangi ochilgan konlari Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan qonunchilik bilan oʻrnatilgan tartibda salohiyatli investorlar jalb etiladigan investitsiya obyektlari hisoblanadi;
2022-yildan boshlab, yer qaʼridan foydalanuvchilar har yili 1-fevralga qadar geologiya qidiruv ishlari va foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirishning oʻtgan yilda erishilgan natijalari hamda joriy yilga rejalashtirilgan hajmi boʻyicha tegishli maʼlumotlarni Davlat geologiya qoʻmitasiga taqdim etishi talab etiladi;
Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan 2020-yilgi davlat dasturi doirasida tayyorlangan 15 ta neft va gazga istiqbolli maydonlarda 2021-yilda bajariladigan qidiruv-burgʻilash ishlari “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz mablagʻlari yoki u tomonidan jalb etiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
6. Davlat geologiya qoʻmitasi va “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshiriladigan neft va gaz maydon hamda konlarida geologiya qidiruv ishlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, Davlat geologiya qoʻmitasi va “Oʻzbekneftgaz” AJ ushbu chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda bajarilishiga masʼul etib belgilansin.
7. Davlat geologiya qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining geologiya sohasi investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yoʻnaltirilgan:
geologik jihatdan kam oʻrganilgan yer qaʼri uchastkalarini xalqaro standartlar asosida bloklar (maydonlar)ga ajratish tizimini joriy etish;
xalqaro standartlar asosida ajratiladigan blok (maydon)dan geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomani olish uchun bir martalik imzoli bonus oʻrniga blok (maydon)ning oʻlchami va u yerdagi foydali qazilma turini hisobga oladigan har yillik toʻlovni hamda geologik-qidiruv ishlarini bajarish uchun yillik minimal xarajatlar miqdori boʻyicha talabni joriy etish;
kam oʻrganilgan yer qaʼri uchastkalaridan geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalarni investorlarning murojaatiga muvofiq Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda berish;
oʻrganilganlik darajasi va kon ochish salohiyati yuqori boʻlgan maydonlardan geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanish hamda aniqlangan konlardan foydali qazilmalarni qazib olish uchun foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalarni “E-AUKSION” elektron savdo platformasida oʻtkaziladigan auksion natijalariga koʻra berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Mazkur takliflar yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasida nazarda tutilsin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Davlat geologiya qoʻmitasiga auksionga qoʻyilmagan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini olish uchun investordan murojaat kelib tushgan taqdirda, ushbu yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali qonunchilik bilan oʻrnatilgan tartibda auksionga qoʻyiladi.
9. Davlat geologiya qoʻmitasi uch oy muddatda respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, jahon bozori konyunkturasi va ilgʻor ilmiy-texnik yutuqlarni aks ettirgan holda, besh yillik davrni qamrab olgan kon-geologiya sohasini istiqbolli rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Toshkent shahar hokimligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat geologiya qoʻmitasining:
Geologiya fanlari universiteti binolari qurilishining birinchi bosqichini (oʻquv binosi, yotoqxona, ilmiy-tadqiqot institutlari binolari, geologik muzey binosi) tugallash va ularni foydalanishga topshirish muddatini 2021-yil dekabrgacha uzaytirish;
Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Olimlar koʻchasi, 64 va 49-uy manzillarida joylashgan Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti hamda H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti binolarini buzish hamda ularning oʻrnida ikkita yangi yetti qavatli binolarni barpo etish;
2021-yilda qurilishining ikkinchi bosqichida boʻlgan Davlat geologiya qoʻmitasi apparati, Geologiya fondi, Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi, Aksiyadorlik jamiyati, Davlat geologiya axborot markazi binolari qurilishini yakunlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Davlat geologiya qoʻmitasi tarkibiga kiruvchi, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni sotishdan tushgan mablagʻlar toʻliq davlat budjetiga yoʻnaltiriladi;
b) Geologiya fanlari universiteti klasteri qurilishini yakunlash uchun zarur mablagʻlar:
2021-yil uchun davlat budjeti hisobidan Davlat geologiya qoʻmitasi uchun ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, davlat budjetiga yoʻnaltiriladigan Davlat geologiya qoʻmitasi tarkibiga kiruvchi, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni sotishdan tushadigan mablagʻlar;
2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar hamda oʻzlashtirilmagan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan ajratiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi va Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga Geologiya fanlari universiteti klasteri qurilishini yakunlash uchun zarur mablagʻlarni ajratish boʻyicha takliflar kiritilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 21-aprel,
PQ-5083-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat geologiya qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalarni isloh qilish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va raqamlashtirishni keng joriy qilish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6096-son Farmoniga 1-ilova bilan tasdiqlangan geologiya sohasi korxonalarini transformatsiya qilish choralari va muddatlari “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etilishiga qarab oʻzgarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-son qaroriga 3-ILOVA
2021-2022-yillarda foydali qazilmalarning yangi konlarini aniqlashga istiqbolli maydon va strukturalarda bajariladigan geologiya-qidiruv ishlarining asosiy yoʻnalishlari
T/r Obyekt nomlari va yoʻnalishlari Loyiha soni Oʻlchov birligi Foydali qazilmalarning oʻsish rejasi resurslar zaxiralar 2021-yil 2022-yil 2021-yil 2022-yil Jami 172 1. Yer qaʼrini regional oʻrganishning kompleks tadqiqotlari 9 Kosmogeologik tadqiqotlar 1 km2 600 2000 Geofizik tadqiqotlar 3 km2 2290 2300 Geologik-tasvirlash ishlari 5 km2 710 710 2. Oltin, respublika boʻyicha jami: 70 tonna 175 200 110 112 Markaziy Qizilqum regioni (ishlanayotgan obyektlar: Taushan, Yangikazgan, Janubiy Karashoxo, Sharqiy Dovgiz, Karabugut, Qumtosh, Dovgiztov, Tomdibuloq, Tayman, Balpantov, Chuqurquduq, Besapantov, Daykali, Tulkitov, Qasqirtov, Yelsoy, Muruntov, Shimoliy Boʻztov; yangi obyektlar: Odilsoy, Aktosti, Qirqchirta, Geoximik, Chalcharatov, Djasaul va b.) 34 tonna 79 114 82 83 Nurota va Zirabuloq-Ziyovuddin regionlari (ishlanayotgan obyektlar: Yangi Davon, Toshkon, Shimoliy Gumsoy, Kuchumsoy, Salin, Oybodom, Pistali, Biran, Sarmich, Oʻrtaliq, Maulyan, Zarmitan, Oltin Diyor, Lapaq; yangi obyektlar: Bayram, Davlatxoʻja-Uzunsoqol, Zargar, Avliyo va b.) 25 tonna 70 60 16 16 Janubiy Oʻzbekiston regioni (ishlanayotgan obyektlar: Akba, yangi obyektlar: Kaulyuk, Sharqiy Kaulyuk va b.) 5 tonna 20 15 1 2 Chotqol-Qurama regioni va Fargʻona vodiysi (ishlanayotgan obyektlar: Qizilolmasoy, Kochbuloq, Pirmirob, Quyikenjasoy; yangi obyektlar: Orayliq va b.) 6 tonna 6 11 11 11 3. Kumush, respublika boʻyicha jami: 9 tonna 175 200 345 355 Markaziy-Qizilqum regioni (Djasaul va b.) 1 tonna 25 30 50 50 Chotqol-Qurama regioni va Fargʻona vodiysi (ishlanayotgan obyektlar: Qizilolmasoy, Pirmirob, Quyikauldi, Miskon, Lashkerek, Kulchoʻloq va b.) 6 tonna 120 135 280 285 Janubiy Oʻzbekiston regioni (ishlanayotgan obyektlar: Xondiza, Maydonsoy va b.) 2 tonna 30 35 15 20 4. Uran 24 tonna 12000 12500 3500 3500 Bukantov va Tomditov uranmaʼdanli rayonlari (ishlanayotgan obyektlar: Oqtov, Baymin, Janubiy Sugrali va b.; yangi obyektlar: Ziyokon va b.) 5 tonna 1000 1500 300 650 Auminza-Kuljuktau uranmaʼdanli rayonlari (yangi obyektlar: Tomdiquduq-Toʻlantosh va b.) 1 tonna 2200 500 200 Nurota uranmaʼdanli rayoni (ishlanayotgan obyektlar: Oqsoy, Shimoliy Konimex, Aulbek, Nurkon, Alendi, Shimoliy Bukinoy, Malikrabot va b.; yangi obyektlar: Sharqiy Lavlyakon, Arnasoy va b.) 11 tonna 4500 6500 1750 1400 Zirabuloq-Ziyovuddin uranmaʼdanli rayoni (ishlanayotgan obyektlar: Agron, Gʻarbiy Agron, Janubiy-Ingichka, Sharq, Maybuloq va b.; yangi obyektlar: Markaziy Agron, Tuvaktov va b.) 7 tonna 4300 4000 1450 1250 5. Mis, respublika boʻyicha jami: 5 ming tonna 445 445 240 255 Sultonuvays, Toshkentoldi, Shimoliy-Fargʻona regionlari (Qorabuloq, Saricheku, Miskon, Quyikauldi va b.) 5 ming tonna 445 445 240 255 6. Qoʻrgʻoshin/rux, respublika boʻyicha jami: 6 ming tonna 54 56 42 51 58 65 41 48 Chotqol-Qurama regioni va Fargʻona vodiysi (Lashkerek konining Markaziy uchastkasi, Kulchuloq va b.) 3 ming tonna 20 20 32 32 10 10 23 23 Janubiy-Oʻzbekiston regioni (Markaziy, Maydonsoy, Xondiza konining Shimoliy uchastkasi, Uchkuloch va b.) 3 ming tonna 34 36 10 19 48 55 18 25 7. Volfram 3 tonna 8000 8000 8000 8000 Janubiy-Oʻzbekiston regioni (Xodjadiq, Sharqiy Sarikoʻl, Oqsoy, Yaxton va b.) 3 tonna 8000 8000 8000 8000 8. Kamyob metallar va kamyob yer elementlari 3 tonna 3000 3000 Markaziy Qizilqum regioni (Ustuk, Toʻzbuloq, Daykali va b.) 3 tonna 3000 3000 9. Uglevodorodlar (istiqboldagi resurslar) 40 mln t.sh.yo. 55 56 Izlash-qidirish ishlari 40 mln t.sh.yo. 55 56 Ustyurt regioni 12 mln t.sh.yo. 20 20 Buxoro-Xiva regioni 22 mln t.sh.yo. 30 32 Fargʻona regioni 6 mln t.sh.yo. 5 4 10. Noruda foydali qazilmalar: koʻmir mln tonna 9 4 kvars ming tonna 250 250 bazalt ming tonna 300 300 listvenit ming tonna 6 ohaktosh mln tonna 55 8,1 fosforit mln tonna 6 inert materiallar mln tonna 10 1,5 qum-shagʻal aralashmasi mln tonna 4 4 granit mln tonna 1,2 marmar mln tonna 5 gips ming tonna 250 dolomit mln tonna 1,5 11. Yer osti suvlari 3 ming m3/sut 121 125
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-son qaroriga 4-ILOVA
2021-2022-yillarda respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash uchun foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirishning asosiy koʻrsatkichlari
T/r Foydali qazilma turlari Oʻlchov birligi 2021-yil rejasi shu jumladan 2022-yil rejasi I chorak II chorak III chorak IV chorak 1. Oltin tonna 110 12 32 66 112 2. Kumush tonna 345 10 20 60 255 355 3. Uran ming tonna 3,5 0,5 0,8 2,2 3,5 4. Mis ming tonna 240 20 60 160 255 5. Qoʻrgʻoshin ming tonna 42 12 30 51 6. Rux ming tonna 41 12 29 48 7. Volfram ming tonna 8 0,5 2 5,5 8
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-son qaroriga 5-ILOVA
2021-2022-yillarda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan birlashgan Qalmoqqir va Yoshlik-I konlarining qayta baholanishi hisobiga foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirishning asosiy koʻrsatkichlari
T/r Foydali qazilma Oʻlchov birligi 2021-yil rejasi 2022-yil rejasi 2021-2022-yil rejasi 1. Oltin tonna 320 114 434 2. Kumush tonna 1 610 577 2 187 3. Mis ming tonna 2 582 925 3 507 4. Molibden ming tonna 36 13 49
Izoh: foydali qazilma zaxiralarini koʻpaytirish birlashgan Qalmoqqir va Yoshlik-I konlarining quyi gorizontlari va yon tomonlari (flanglari) zaxiralarini qayta baholash hisobiga taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-son qaroriga 6-ILOVA
Davlat geologiya qoʻmitasi va “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshiriladigan neft va gaz maydonlari hamda konlarida geologiya qidiruv ishlarini rivojlantirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
T/r Chora-tadbirlar Amalga oshirish mexanizmi va bajarish muddatlari Masʼullar: ijro uchun nazorat uchun 1. “Oʻzbekneftgaz” AJning uglevodorod xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) yanada takomillashtirish. 1. “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 2021-yilgi Dasturda Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan taqdim etiladigan 15 ta istiqbolli maydonlarda izlov quduqlarini burgʻilash ishlarini tashkil qilish. 2021-yil dekabr 2. “Oʻzbekneftgaz” AJning 2021-yilgi va keyingi yillardagi Dasturlar doirasida geofizika ishlarini rivojlantirish rejalari asosida belgilangan geofizika ishlarini amalga oshirish. Belgilangan muddatlarda 3. “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan neft va gazga istiqbolli yangi maydonlarda qidiruv quduqlarini burgʻilash ishlarini amalga oshirish. 2021-2022-yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev), Davlat geologiya qoʻmitasi (N. Muxutdinov), “Oʻzbekgeofizika” AJ (A. Toshqulov) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov) 2. “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻzlashtirilayotgan neft va gaz konlari quyi qatlamlarining geologik tuzilishini oʻrganish, yangi uglevodorod uyumlarini aniqlash va uch oʻlchamli geologik modellarini tuzish. 1. Oʻzlashtirilayotgan neft va gaz konlarining quyi qatlamlarida uglevodorod uyumlari ochilishi kutilayotgan konlar roʻyxatini shakllantirish. 2021-yil may 2. Quyi qatlamlarida uglevodorod uyumlari ochilishi kutilayotgan konlarda 3D seysmorazvedka ishlarini oʻtkazish uchun loyiha smeta hujjatlarini tayyorlash. 2021-yil may 3. Tanlangan konlar hududida 3D seysmorazvedka ishlarini oʻtkazish va uch oʻlchamli modellarini tuzish. 2021-yil mayidan 4. Aniqlangan quyi qatlamlardagi strukturalarga izlov quduqlarini burgʻilash. 2021-2022-yillar “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev) Davlat geologiya qoʻmitasi (N. Muxutdinov), “Oʻzbekgeofizika” AJ (A. Toshqulov), Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti (R. Yusupjonov) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov) 3. “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan oʻzlashtirilayotgan konlarda hisoblangan gaz zaxiralari tahlilini oʻtkazish. 1. “Oʻzbekneftgaz” AJ Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda uglevodorod konlarining qazib olinayotgan va loyihadagi hajmlarini tahlil qilish, zaxiralar hisobi tafovuti aniqlangan konlar roʻyxatini shakllantirish. 2021-yil iyun 2. Aniqlangan konlarning uglevodorod zaxiralarini qayta hisoblash va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlash choralarini koʻrish. 2021-2022-yillarda, jadval asosida “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev), Davlat geologiya qoʻmitasi (N. Muxutdinov), “Oʻzbekgeofizika” AJ (A. Toshqulov), Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti (R. Yusupjonov) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov) 4. Neft va gaz konlari geologiyasi sohasida ilm-fan va amaliyotning integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish. 1. Neft va gaz konlari geologiyasi sohasidagi dolzarb muammolar yechimiga yoʻnaltirilgan ilmiy loyihalar portfelini shakllantirish. 2021-yil may 2. Ilmiy loyihalarni kelishilgan muddatlarda amalga oshirish, olingan natijalarni amaliyotga tatbiq etish. 2021-2022-yillarda, jadval asosida “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev), Davlat geologiya qoʻmitasi (N. Muxutdinov), Geologiya fanlari universiteti (M. Isoqov) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov) 5. Uglevodorod xom ashyo resurslarini baholash jarayonini raqamlashtirishga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilinishini taʼminlash. 1. Uglevodorod xom ashyo resurslari, mavjud geologik maʼlumotlarni raqamlashtirishga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish mexanizmini ishlab chiqish. 2021-yil dekabr 2. Uglevodorod xom ashyo resurslari hisobini raqamli tizimlarni qoʻllash orqali yuritish jarayonini tahlil qilish, istiqbollarini belgilash. Tarmoq jadvaliga muvofiq 3. Jarayonga raqamlashtirish va geoaxborot tizimlarini joriy qilish choralarini amalga oshirish. Doimiy ravishda “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev), Davlat geologiya qoʻmitasi (N. Muxutdinov), Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti (R. Yusupjonov), Davlat geologiya axborot markazi (A. Varisov) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov) 6. “Oʻzbekgeofizika” AJ balansidagi koʻp qavatli turar-joylarni tegishli mahalliy davlat hokimiyatlari balansiga, ular bilan bogʻliq infrastruktura obyektlarini (issiqlik va elektr energiyasi taʼminoti tarmoqlari va boshqalar) tegishliligi boʻyicha manfaatdor tashkilotlar balansiga oʻtkazish. 1. “Oʻzbekgeofizika” AJ balansidagi koʻp qavatli turar-joylarni (Toshkent viloyati, Qibray tumanida 23 ta uy, Toshkent shahar, Uchtepa tumanida 1 ta uy), ular bilan bogʻliq infrastruktura obyektlarini (1,5 km issiqlik taʼminoti quvurlari, 3,5 km elektr energiyasi tarmogʻi, 3 ta transformator nimstansiyasi) xatlovdan oʻtkazish. 2021-yil may 2. Mazkur koʻp qavatli turar-joylarni va ular bilan bogʻliq infrastruktura obyektlarini hozirgi holatida mahalliy davlat hokimiyatlari va manfaatdor tashkilotlar balansiga oʻtkazish. 2021-yil iyul Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov), Davlat geologiya qoʻmitasi (B. Islamov), Toshkent viloyati hokimligi (D. Xidoyatov), Toshkent shahar hokimligi (J. Ortiqxoʻjayev) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov) 7. “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida geologiya yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim darajasini va koʻnikmalarini oshirish. 1. “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida geologiya yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar roʻyxatini shakllantirish. 2021-yil may 2. Mazkur mutaxassislar malakasini oshirish kurslari dasturlari va jadvallarini shakllantirish va kelishish. 2021-yil iyun 3. Mutaxassislarning Geologiya fanlari universitetida zamonaviy talablar va jahon standartlari asosida bilim va koʻnikmalarini oshirish. Jadval asosida “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev), Geologiya fanlari universiteti (M. Isoqov) Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti (A. Jumanazarov)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3286-son qarorida:
a) 1-bandning oltinchi xatboshisidagi “litsenziyaga” soʻzi “ruxsatnomaga” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “litsenziyalarda” soʻzi “ruxsatnomalarda” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʻlgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3479-son qarori 4-bandining birinchi, uchinchi, toʻrtinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “litsenziya” soʻzi tegishli kelishikdagi “ruxsatnoma” soʻzi bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3578-son qarori 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
yer osti suvlari qismi boʻyicha suvdan maxsus va ehtiyoj yuzasidan foydalanish uchun ruxsatnoma belgilangan tartibda Davlat geologiya qoʻmitasining hududiy gidrogeologik stansiyalari tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar belgilangan tartibda Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi;
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan taqdim etiladigan konchilik ishlarini rivojlantirish rejalarini belgilangan tartibda kelishish, shuningdek, ularni qazib olish hajmlari toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni qabul qilish va ularni keyinchalik Davlat geologiya qoʻmitasining Davlat geologiya fondiga yuborish:
noruda foydali qazilmalar boʻyicha — Inspeksiyaning hududiy boʻlinmalari;
rudali foydali qazilmalar va uglevodorodlar boʻyicha Inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan ruxsatnomalarni olish uchun ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berilishi mumkin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4030-son qarorining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qaʼridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qaʼri uchastkalarida amalga oshiriladi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalari, shu jumladan oʻlchamlari 5 gektargacha boʻlgan sochma oltin konlari taqdim etiladi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma beriladi, bunda bitta talabgorga ruxsatnoma asosida berilgan yer qaʼri uchastkalarining umumiy maydoni yil davomida 20 gektardan oshmasligi lozim;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarga faqat Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari, xususan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega jismoniy shaxslar hamda ustav kapitali (jamgʻarmasi)da Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxsning ulushi 70 va undan ortiq foizga ega boʻlgan yuridik shaxslar talabgor boʻlishi mumkin;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomaga talabgor boʻlishi mumkin boʻlgan yuridik shaxslar ishchi-xodimlarining 70 foizi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi lozim;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari boʻyicha belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali 3 yil muddatga beriladi;
elektron auksionni oʻtkazish va mazkur qarorga muvofiq ruxsatnomani berishning umumiy muddati “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni oʻz ichiga olgan holda, istisno tariqasida, 15 kundan oshmaydi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi har bir gektariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravari miqdorida belgilanadi. Bunda toʻliq boʻlmagan gektarlar uchun boshlangʻich narx 1 gektar yer uchun belgilangan narxni yer maydonining oʻlchamiga koʻpaytirish orqali aniqlanadi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalari roʻyxati har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi;
ruxsatnomani yoki yer qaʼri uchastkasidan (toʻliq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga ruxsatnomani bir necha shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish va ularga ajratilgan yer qaʼri uchastkalarining davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega yuridik shaxslarga, shu jumladan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlariga, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi;
qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chogʻida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning ogʻir tan jarohati olishi yoki oʻlimiga olib kelishi ruxsatnomani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shugʻullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos boʻladi;
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan soʻng, yer qaʼridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qaʼri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklanadi.
Belgilansinki, mazkur bandning toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan talablar 2021-yil 1-maydan boshlab beriladigan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish huquqini beruvchi ruxsatnomalarga nisbatan tatbiq etiladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4078-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi, beshinchi — yettinchi xatboshilardagi tegishli kelishikdagi “litsenziya” soʻzi tegishli kelishikdagi “ruxsatnoma” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 2-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020-yil 1-yanvardan barcha noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish (daryo oʻzanlarini tozalash jarayonida qum-shagʻal materiallarini qazib olish bundan mustasno) huquqi uchun ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari asosida 20 kundan oshmagan muddatda belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi. Bunda ruxsatnomani olish uchun ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berilishi mumkin”;
toʻrtinchi xatboshidagi “litsenziya” soʻzi “ruxsatnoma” soʻzi bilan almashtirilsin;
v) 4-bandning birinchi xatboshisidagi “litsenziyaga” soʻzi “ruxsatnomaga” soʻzi bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi “Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishni yanada takomillashtirish va 2020-2021-yillarda mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4401-son qarorida:
a) 2-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-noyabrdagi “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4522-son qarorida:
a) 8-banddagi “litsenziya” soʻzi “ruxsatnoma” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 12-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Quyidagi mexanizm joriy etilsin, unga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi “Strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilma konlarini geologik oʻrganish va oʻzlashtirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3000-son qarorida koʻrsatilgan strategik foydali qazilma turlari mavjud yer qaʼri uchastkalarini foydalanishga topshirish ruxsatnomalarni berish shaffofligini taʼminlovchi auksion savdolar asosida belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda ruxsatnomani olish uchun ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berilishi mumkin”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4629-son qarorida:
a) 7-bandning uchinchi xatboshisidagi va 13-bandning ikkinchi xatboshisidagi “litsenziyalar” soʻzi “ruxsatnomalar” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning nomidagi tegishli kelishikdagi “litsenziya” soʻzi tegishli kelishikdagi “ruxsatnoma” soʻzi bilan almashtirilsin.
