4-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-684-son) · Sana: 22.04.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
benefitsiar mulkdor — pirovardida mulk huquqlariga egalik qiladigan yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini amalda nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion — davlat xaridlari elektron tizimining maxsus platformasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli boʻlib, uni tashkil etish chogʻida narx gʻolibni aniqlashning yagona mezoni boʻladi;
davlat buyurtmachisi — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
davlat xaridlari — davlat buyurtmachilarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini pulli asosda taʼminlash jarayoni;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnoma — davlat buyurtmachisi va davlat xaridlarining ijrochisi oʻrtasidagi davlat xaridlari boʻyicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv;
davlat xaridlarining subyektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilot va ekspert, ekspert tashkiloti;
dastlabki malaka tanlovi — xarid qilish hujjatlarida belgilangan texnik, iqtisodiy, tashkiliy va boshqa oʻziga xos xususiyatlarga muvofiq boʻlgan xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazishga qoʻyiladigan malakali xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarini tanlab olishning xarid komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tartib-taomili;
zaxiradagi gʻolib — xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha xarid komissiyasining qaroriga muvofiq gʻolibning taklifidan keyingi eng maqbul taklifni taqdim etgan deb topilgan xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi;
ikki bosqichli davlat xaridlari — texnik jihatdan murakkab boʻlgan muayyan qiymatli tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) bir shartnoma boʻyicha ikki oʻzaro bogʻliq bosqichda oʻtkaziladigan davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli;
kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili — davlat xaridlarini xarid qilish tartib-taomillarining ochiq axborot manbalaridan olingan narxlarni solishtirish yoʻli bilan yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kamida uchta potensial yetkazib beruvchisidan narxlarni soʻrash orqali amalga oshirishning raqobatli usuli;
tender — davlat xaridini amalga oshirishning raqobatli tartib-taomili vositasida davlat xaridlarining ijrochisini aniqlash tartib-taomilini nazarda tutuvchi tanlov boʻlib, uning natijalariga koʻra davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif etgan xarid qilish tartib-taomillarining ishtirokchisi gʻolib deb topiladi;
