13-modda. Korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik prinsipi
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-684-son) · Sana: 22.04.2021 · Amalda
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymasligi kerak. Bunda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor boʻladi.
Davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashi kerak.
Davlat xaridlarida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik:
insofli raqobatni va qarorlar qabul qilish chogʻida xolisona mezonlardan foydalanilishini;
monitoring va nazorat oʻtkazishning, shu jumladan ichki monitoring va nazorat oʻtkazishning samarali tizimi yaratilishini;
ushbu Qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi hollari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborotning ochiq manbalarida eʼlon qilib borilishini;
davlat xaridlari tartib-taomillari ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Qonunchilikda davlat xaridlarini amalga oshirish sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.
