50-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etishga doir vakolatlari
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-682-son) · Sana: 20.04.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi masalalari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga tushuntirishlar beradi hamda zarur yordam koʻrsatadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishi masalalariga doir uslubiy koʻrsatmalarni ishlab chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishi monitoringi va tahlilini oʻtkazadi, ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat boshqaruvi organlarining normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
davlat boshqaruvi organlarida va tashkilotlarda normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi nuqtai nazaridan ijro intizomiga rioya etilishini oʻrganadi, shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun axborot-tahliliy hujjatlarni tayyorlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
