38-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishga doir talablar
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-682-son) · Sana: 20.04.2021 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishi kerak. Hech kim rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.
Normativ-huquqiy hujjatning bayon tarzida rasmiy eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilinganda uning barcha rekvizitlari koʻrsatiladi.
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlarida normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilinganidan keyin bir kun ichida eʼlon qilinishi shart. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllarini eʼlon qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilishga, shuningdek ularni qonunchilikning elektron maʼlumotnoma tizimlari orqali tarqatishga normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda ularning barcha rekvizitlari, ular eʼlon qilingan rasmiy nashrlar va ularning kuchga kirish sanasi koʻrsatilgan holda eʼlon qilinganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi. Bunda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi taʼminlanishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjatlarning eʼlon qilinishi ular qoʻllanilishining majburiy shartidir.
