19-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-682-son) · Sana: 20.04.2021 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish, qoida tariqasida, huquqiy jihatdan tartibga solish talab qilinadigan muammolarni aniqlash va tahlil qilish yakunlari boʻyicha tayyorlanadigan norma ijodkorligi ishining rejalari (dasturlari) doirasida amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organlar ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish yoki qonunchilik normalarini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashning joriy (yarim yillik va yillik) hamda istiqbolga (bir yildan ortiq muddatga) moʻljallangan rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqishi va tasdiqlashi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalarida (dasturlarida) quyidagilar koʻrsatiladi:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining nomi;
ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish holatining tavsifi;
huquqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladigan muammolarning tavsifi, ularning kelib chiqish sabablari va sharoitlarining tahlili;
huquqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladigan muammolarning kelib chiqish sabablari va sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini qabul qilish zarurligining asosi;
moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar — moddiy xarajatlar talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun;
normativ-huquqiy hujjatlarning turlari;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash muddatlari;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlar;
normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan taqdirda, kutilayotgan natijalar, shu jumladan tartibga solish taʼsirini baholash oʻtkazilgan hollarda uning natijalari.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni rejalashtirish tartibi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organ yoki normativ-huquqiy hujjatning loyihasini tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalari (dasturlari) majburiy tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega boʻlgan tegishli organlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
