Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisida (SQ-136-IV-son)
11.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga hamda “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 8-sentabrdagi “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 442-IV-sonli Qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida umumiy yer maydoni 4 686 gektar boʻlgan Davlatobod tumani tashkil etilsin.
3. Namangan shahrining “Yuksalish”, “Navroʻz”, “Nurobod”, “Gulshan”, “Orzu”, “Porloq”, “Navbahor”, “Mustaqillik”, “Toʻquvchi”, “Umid”, “Yangi tong”, “Xalqlar doʻstligi”, “Davlatobod”, “Quyi Gʻirvon”, “Yuqori Gʻirvon”, “Oʻrta Gʻirvon”, “Bogʻ”, “Elobod”, “Gulobod”, “Irvadon”, “Shishaki”, “Quyi Rovuston”, “Oʻrta Rovuston”, “Yuqori Rovuston” va “Yelxon” mahalla fuqarolar yigʻinlarining hududlari Davlatobod tumani tarkibiga oʻtkazilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taklif etilgan Namangan viloyati Namangan shahri tarkibidagi Davlatobod tumani chegarasining tavsifi va chizma shakllari tegishincha 1 — 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Namangan shahrining Davlatobod tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan saylov okruglaridan (1-Orzu, 2-Navbahor, 3-Qalʼa, 4-Nurobod, 28-Rovuston, 29-Gʻirvon, 30-Elobod, 6-Porosmon) saylangan xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputatlari xalq deputatlari Davlatobod tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 11-sentabr,
SQ-136-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 11-sentabrdagi SQ-136-IV-sonli qaroriga 1-ILOVA
Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumani chegarasining
tavsifi
Namangan shahrining shimoliy tomonida — Kosonsoy tumani bilan chegaradosh hududda joylashgan Katta Namangan magistral kanali bilan Gʻirvonsoy kesishgan joydagi dyukerni soy oqimidan himoyalovchi Gʻirvonsoy gidroinshootining oʻng tomoni janubiy burchagi 1-boshlangʻich nuqta sifatida qabul qilindi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°3ʼ3,79", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°35ʼ42,66").
1-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda Gʻirvonsoyning oʻng tomoni boʻylab 528 metr masofada 1-dala hovlining shimoli-gʻarbiy tomonidagi burchagidan 6 metr gʻarbda, “Mingterak” arigʻining oʻng qirgʻogʻidagi 2-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°2ʼ46,64", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°35ʼ41,44").
2-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda “Mingterak” arigʻining oʻng qirgʻogʻi boʻylab 1015 metr masofada “Mingterak” arigʻi bilan Mingterak koʻchasi kesishgan joydagi koʻprikning shimoli-gʻarbiy tomoni burchagidagi 3-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°2ʼ14,62", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°35ʼ44,93").
3-nuqtadan chegara sharqiy yoʻnalishda “Mingterak” choyxonasi hududining janubiy chegarasi boʻylab, “Mingterak” koʻprigi va “Mingterak” koʻchasining shimoliy tomoni boʻylab 335 metr masofada “Mingterak” koʻchasi A. Avloniy koʻchasiga tutashgan joydagi 4-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°2ʼ11,12", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°35ʼ57,33").
4-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda A. Avloniy koʻchasini, savdo-maishiy xizmat shahobchalarini hamda “Mingterak” MFY idorasi egallagan hududning gʻarbiy tomoni boʻylab 1490 metr masofada A. Avloniy koʻchasi 4R117 avtomobil yoʻli bilan tutashgan joydagi 5-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°1ʼ25,77", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°36ʼ8,53").
5-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda 4R117 avtomobil yoʻlini kesib oʻtib, yoʻlning gʻarbiy tomoni boʻylab 860 metr masofada 4R117 va 4R261 avtomobil yoʻllari tutashgan joydagi 6-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°1ʼ1,89", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°36ʼ24,82").
6-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda 4R261 avtomobil yoʻlining gʻarbiy tomoni boʻylab I. Karimov koʻchasini, Shimoliy Fargʻona magistral kanalini va “Pop-Namangan-Andijon” temir yoʻl izini kesib oʻtib, 3490 metr masofada 4R261 avtomobil yoʻli va Amir Temur koʻchasi tutashgan joydagi 7-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°59ʼ40,33", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ2,09").
7-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda 4R112J avtomobil yoʻlining gʻarbiy tomoni boʻylab Toʻraqoʻrgʻon koʻchasini kesib oʻtib, 663 metr masofada 4R112J avtomobil yoʻli Toʻraqoʻrgʻon koʻchasiga tutashgan joydagi 8-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°59ʼ20,24", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ12,26").
8-nuqtadan chegara gʻarbiy yoʻnalishda Toʻraqoʻrgʻon koʻchasining janubiy tomoni boʻylab 243-metr masofada Toʻraqoʻrgʻon koʻchasi 11-oʻtish yoʻli Toʻraqoʻrgʻon koʻchasiga tutashgan joydagi 9-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°59ʼ17,64", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ2,41").
9-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda 11-oʻtish yoʻli Toʻraqoʻrgʻon koʻchasining sharqiy tomoni boʻylab yangi ariqni kesib oʻtib, gʻarbiy yoʻnalishda yangi ariqning chap qirgʻogʻi boʻylab 566 metr masofada Abdugʻani Qayumov koʻchasini yangi ariq koʻchasi bilan bogʻlovchi koʻprikning janubi-sharqiy burchagidan 5 metr sharqda joylashgan 10-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°59ʼ9,26", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ1,72").
10-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda Shodlik koʻchasining gʻarbiy tomoni boʻylab, savdo doʻkonidan soʻng gʻarbiy yoʻnalishda Axsi koʻchasining shimoliy tomoni boʻylab 402 metr masofada Axsi va 2-oʻtish yoʻli H. Olimjon koʻchalari tutashgan joydagi 11-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°59ʼ2,42", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°37ʼ55,48").
11-nuqtadan chegara janubiy, janubi-sharqiy va sharqiy yoʻnalishda 2-oʻtish yoʻli H. Olimjon koʻchasining sharqiy tomoni boʻylab “Prorab” arigʻini kesib oʻtib, 844 metr masofada 2-oʻtish yoʻli H. Olimjon koʻchasi 1-oʻtish yoʻli Ixlos koʻchasiga tutashgan joyda piyodalar koʻprigining sharqiy tomonidagi 12-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°58ʼ49,40", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ21,05").
12-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda “Prorab” arigʻining chap tomoni boʻylab Yangiobod koʻchasini kesib oʻtib, ariqning chap tomoni, “Avtosavdo mego servis” MCHJga qarashli “Tibbiy davolanish va diagnostika markazi” hududi chegarasining gʻarbiy tomoni boʻylab irrigatsiya tarmogʻini kesib oʻtib, 1600 metr masofada Ibn Sino koʻchasidagi irrigatsiya tarmogʻining chap tomonidagi 13-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°58ʼ6,78", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ47,89").
13-nuqtadan chegara janubi-gʻarbiy yoʻnalishda Ibn Sino koʻchasidagi irrigatsiya tarmogʻining chap tomoni boʻylab 4R260 avtomobil yoʻlini kesib oʻtib, 345 metr masofada “Avtokemping” shahobchasining sharqiy tomonidagi Namangan tumani Ziyokor koʻchasi 4R260 avtomobil yoʻliga tutashgan joydagi 14-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°58ʼ0,17", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°38ʼ36,55").
14-nuqtadan chegara gʻarbiy yoʻnalishda Namangan shahar va Namangan tumani hududlari oʻrtasidagi mavjud maʼmuriy chegara boʻylab 7580 metr masofada, Shimoliy Fargʻona magistral kanali oʻzanidan 10 metr janubi-sharqda, temir yoʻl izidan 50 metr shimoli-gʻarbda Shimoliy Fargʻona magistral kanalining nazorat yoʻlagini shimoliy tomonidagi joylashgan 15-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 40°58ʼ3,49", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°34ʼ3,29").
15-nuqtadan chegara shimoli-sharqiy yoʻnalishda Namangan shahar va Toʻraqoʻrgʻon tumani hududlari oʻrtasidagi mavjud maʼmuriy chegarasi boʻylab 18058 metr masofada Namangan shahar “Yuksalish” sanoat zonasining shimoli-gʻarbiy tomonidagi yoʻlning shimoliy tomonida Toʻraqoʻrgʻon tumani hududida joylashgan 220 kV yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tayanchidan 131 metr shimoli-sharqda, Kosonsoy tumani hududidagi bogʻzorning janubiy chegarasida joylashgan 16-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°2ʼ31,78", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°31ʼ11,52").
16-nuqtadan chegara sharqiy yoʻnalishda Namangan shahar va Kosonsoy tumani hududlari oʻrtasidagi mavjud maʼmuriy chegarasi boʻylab 11052 metr masofada Katta Namangan magistral kanali bilan Gʻirvonsoy kesishgan joydagi dyukerni soy oqimidan himoyalovchi Gʻirvonsoy gidroinshootining oʻng tomoni janubiy burchagidagi boshlangʻich 1-nuqtagacha davom etadi (shimoliy kenglik koordinatalari 41°3ʼ3,79", sharqiy uzunlik koordinatalari 71°35ʼ42,66").
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 11-sentabrdagi SQ-136-IV-sonli qaroriga 2-ILOVA
Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibidagi Davlatobod tumani chegarasining
chizmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 11-sentabrdagi SQ-136-IV-sonli qaroriga 3-ILOVA
Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibidagi Davlatobod tumani chegarasining
chizmasi
