2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida (SQ-261-IV-son)
12.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning infratuzilmani yaratish, umumqamrovli va barqaror sanoatlashuv, innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga (9-maqsad) erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2021-yilning 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) mazkur parlament soʻrovi yuzasidan kelib tushadigan javobni tahlil qilib, Oliy Majlis Senati Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-261-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 12-martdagi SQ-261-IV-sonli qaroriga ILOVA Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI (2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida)
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq mamlakatimizning 2030-yilgacha boʻlgan davrga barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalari belgilangan.
Unga muvofiq barqaror infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashishning tashkiliy-huquqiy asoslari qabul qilinib, maqsad va vazifalarni taʼminlash uchun tegishli infratuzilma yaratilgan.
2020-yilda sanoat tarmogʻining qoʻshilgan qiymati 7,1 foizga oʻsib bunda qayta ishlash sanoatining ulushi 76,5 foizni tashkil etgan.
Mamlakatda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan islohotlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham eʼtirof etilgan.
Shunga qaramasdan amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga barqaror infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish masalalarida ayrim tizimli muammolar mavjud.
Birinchidan, faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalar va boʻsh turgan obyektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash, obyektlarni samarali ishlatish, ushbu yoʻnalishdagi investitsiya loyihalari natijadorligi, ochiqlik, shaffoflik darajasi pastligicha qolmoqda.
Maʼlumot uchun: Koʻrilayotgan keng qamrovli choralarga qaramasdan bugungi kunda davlat mulki hisoblangan 372 ta boʻsh turgan binolar mavjud.
Ikkinchidan, yalpi ichki mahsulot tarkibida davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushi yuqoriligicha (55 foiz) qolmoqda. Aksariyat bunday korxonalarda asosiy vositalarning eskirish darajasi 65 foizni tashkil qilmoqda.
Davlat ulushi mavjud korxonalarda bozor mexanizmlariga oʻtishning kechikishi soha va tarmoqlarga xususiy kapitalni faol jalb qilishga toʻsqinlik qilib, zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etishiga salbiy taʼsir koʻrsatib qabul qilinayotgan qonun va qarorlar samaradorligini ham pasaytirmoqda.
Uchinchidan, 2020-yilda tashqi savdo aylanmasi 36 299,3 mln. AQSH dollarini tashkil etib, bunda import 21 171,5 mln. AQSH dollarini, eksport esa 15 127,7 mln. AQSH dollari boʻlib, salbiy saldo 6 043,8 mln. AQSH dollarini tashkil etgan.
Eksport qilinayotgan ayrim mahsulotlarning oʻsish surʼati yuqori boʻlishiga qaramay, uning hajmi pastligicha qolmoqda.
Maʼlumot uchun: 2020-yil davomida 280 080 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilib, uning eksporti 1,3 baravarga ortgan boʻlsa-da, bu jami ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning atigi 5 foiziga toʻgʻri kelgan.
Shu bilan birga, 2020-yilda eksportga nisbatan qariyb ikki baravar koʻp yengil avtomobil import qilingan.
Toʻrtinchidan, yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilga nisbatan 1,6 foizni yoki 580,2 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, sanoat (0,7 foiz) va xizmat sohalarida (0,1 foiz) oʻsish kuzatilmagan. Axborot va aloqa tarmogʻida xizmat koʻrsatish -2,2 foizga pasaygan.
2020-yilda aholi jon boshiga YAIM hajmi real baholarda oʻtgan yilga nisbatan 0,3 foizgacha pasaygan boʻlsa, 2019-yilda 3,8 foiz, 2018-yilda 3,6 foiz oʻsish darajasida boʻlgan.
Yillik inflyatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etgan boʻlsa-da, aholi isteʼmol qiladigan 9 xil birlamchi mahsulotning (mol goʻshti, qoʻy goʻshti, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, guruch, oʻsimlik yogʻi, shakar) eng past narxi oʻrtacha 41,5 foizga, eng yuqori narxi oʻrtacha 29,5 foizga oshgan.
Beshinchidan, samarali, resurs tejovchi va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni taʼminlashga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan barcha sohalar, jumladan sanoat tarmoqlarida keng va samarali foydalanishning holati talabga javob bermaydi.
Bugungi kunda respublikada bor yoʻgʻi 1 ta shamol hamda 1 ta foto elektr stansiyalari mavjud.
Oltinchidan, fuqarolarning transportdan foydalanish ulushi asosan avtomobil transportida yuqori boʻlib, havo transporti hamda temir yoʻl transporti imkoniyatlaridan foydalanish darajasi past.
Maʼlumot uchun: 2019-yilda fuqarolarning avtomobil transportidan foydalanish darajasi 98 foizni, temir yoʻl transportida 0,4 foiz va havo transportida 0,1 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, temir yoʻl qatnovi elektr taʼminotidagi uzilishlar poyezdlarning jadvaldan kechikishiga, kompaniya uchun esa moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelgan.
Maʼlumot uchun: 2019-yilda temir yoʻl tizimida poyezdlarning jadvaldan kechikishidan moliyaviy yoʻqotish 19,195 mln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda 42,341 mln. soʻmni tashkil etgan yoki oʻtgan yilga nisbatan 45%ga oshgan.
Mamlakat iqtisodiyotida transport sohasining ulushi 2020-yilda 0,5 foizga pasayib, 5,2 foizni tashkil qilgan.
Koʻrsatkichlar mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrniga taʼsir etib, “Logistika samaradorligi” indeksida Oʻzbekiston 160 ta davlat orasida 99-oʻrinni egallab turibdi.
Yettinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarining texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni koʻpaytirish, innovatsion faoliyat uchun qulay shart-sharoit yaratish va ilmiy tadqiqot hamda konstruktorlik sohasida kadrlar tayyorlashga yetarli eʼtibor berilmayapti.
Maʼlumot uchun: 1 mln. aholiga toʻgʻri keladigan tadqiqotchilar soni yildan-yilga kamayib, 2019-yilda 407 nafarni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkich 2016-yilda 495 nafar, 2017-yilda 485 nafar va 2018-yilda 470 nafarni tashkil etgan.
Innovatsion faoliyatga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar hajmi boʻyicha AQSH (543 mlrd. AQSH doll.), Xitoy (496 mlrd. AQSH doll.), Yaponiya (176 mlrd. AQSH doll.), Germaniya (127 mlrd. AQSH doll.) yetakchilardan sanaladi.
Deyarli barcha sohalarda ichki injiniring, ilmiy-tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlab chiqishlari xarajatlari uchun zarur baza yaratilmaganligi sanoatdagi innovatsiyalarni rivojlantirish imkoniyatini cheklamoqda.
Sakkizinchidan, aholining sifatli uyali aloqa tarmoqlari va Internet bilan taʼminlanganlik darajasini oshirishga yetarli eʼtibor qaratilmayapti.
Maʼlumot uchun: Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi tomonidan mobil aloqa kompaniyalarining internet xizmatini koʻrsatish sifati 6645 ta mahallada (jami mahallalarning 73 foizida) oʻrganilganida ularning 13 foizida internet xizmati mavjud emasligi, 40 foizida xizmat sifati qoniqarsizligi aniqlangan.
Sohadagi kamchiliklar mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrniga ham salbiy taʼsir koʻrsatib, BMT tomonidan yuritiladigan Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida mamlakatimiz oʻrni 6 pogʻonaga pasayib, 193 ta davlat orasida 87-oʻrinni egallagan. Reyting tarkibiga kiruvchi “Telekommunikatsiya infratuzilmasi” indeksida Oʻzbekiston 0,47 koʻrsatkichi bilan telekommunikatsiya infratuzilmasi sekin surʼatda rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan joy olgan.
Umuman, Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingida 2020-yilda 166 ta mamlakat orasida 66-oʻrinni egallagan boʻlsa-da, Barqaror infratuzilmani yaratish, umumqamrovli va barqaror sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadlari (9-maqsad) boʻyicha 27,7 ball bilan 104-oʻrinni egallagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1. Boʻsh turgan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari (obyektlar)ni ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilish, faoliyat koʻrsatmayotgan, iqtisodiy nochor, ishlab chiqarishi darajasi (rentabelligi) past va toʻxtab qolgan tadbirkorlik subyektlari (korxonalar)ni tiklash;
2. Davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalar investitsiya jozibadorligini oshirish va moliyaviy holati shaffofligini taʼminlash, davlat aktivlarini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, orqali xususiy sektorning rolini oshirish;
3. Yoqilgʻi-energetika va togʻ-kon metallurgiya sanoatlari korxonalarda resurs va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish darajasini oshirish, texnologik yoʻqotishlarni kamaytirish;
4. Yoqilgʻi-energetika resurslarini yetkazib berishda joylarda surunkali uzilishlarga barham berish boʻyicha koʻrilayotgan choralar;
5. Sanoat sohasidagi, ayniqsa, chekka qishloq hududlaridagi kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini, jumladan, tijorat banklari tomonidan kredit buyurtmalarini koʻrib chiqishning murakkab mexanizmlarini soddalashtirish orqali kreditlarni tezkor olish imkoniyatlarini yaratish hamda masofaviy bank xizmatlari koʻrsatishni rivojlantirish, sugʻurta tashkilotlarining xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish borasida koʻrilayotgan choralar;
6. Iqtisodiyot tarmoqlarning texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlar sonini oshirish, innovatsion faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ilmiy tadqiqot hamda konstruktorlik sohasida ishlanmalarni koʻpaytirish boʻyicha bajarilayotgan ishlar;
7. Sanoatda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va xomashyo sohalarida qayta ishlashni koʻpaytirish, innovatsiyalar va ishlanmalarni jalb qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar;
8. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va iqtisodiyotni raqamlashtirish koʻlamini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar va ularning samaradorligi yuzasidan Senatga asoslantirilgan tushuntirishlar berish yoki Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi va javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinib, uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishi mumkinligi maʼlum qilinadi.
