Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (172-son)
03.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 29-oktabrdagi PF-6097-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekistonning milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish, global bozorda milliy mahsulotlar va xizmatlarning raqobatbardoshligini, iqtisodiyot diversifikatsiyasi samaradorligini hamda aholining turmush darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun Jahon banki Direktorlar kengashi tomonidan 2020-yil 28-oktabrdagi Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (keyingi oʻrinlarda — XTU) Oʻzbekiston Respublikasiga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yil imtiyozli davr bilan 50 mln AQSh dollari ekvivalentida qarz ajratish boʻyicha kelishuvga erishilganligi;
loyihani amalga oshirish guruhini tashkil qilish, zarur asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash hamda xorijiy konsultantlarni jalb qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon banki oʻrtasida alohida imzolanadigan Boʻnak kelishuvi doirasida 1 924 ming AQSh dollari ekvivalentida qarz ajratilganligi;
loyihani amalga oshirish muddati besh yil (2021 — 2026-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi loyihaning oʻz vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, XTU qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi;
XTU tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Loyiha doirasida oʻtkaziladigan tanlovlarda vazirlikning 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlarida belgilangan sohalar, jumladan biotexnologiyalarni rivojlantirish, tuproq unumdorligini oshirish, sunʼiy intellektni joriy etish, qayta tiklanuvchi energetika, chorvachilik va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga oid loyihalar ishtirokini taʼminlasin.
4. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi mablagʻlaridan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi va XTU oʻrtasidagi loyihani moliyalashtirish yuzasidan moliyaviy bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga vakolat berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tijorat bankida oʻzining depozit hisobvaraqlariga ega boʻlgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan XTU mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan 16 shtat birligidan oshmagan Loyihani amalga oshirish guruhi (keyingi oʻrinlarda — LAOG) tashkil etilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-maydagi 239-f-son farmoyishi bilan tashkil etilgan LAOG tuzilmasi tugatilsin va Boʻnak kelishuvi doirasida xarid qilingan asosiy vositalar yangi tashkil etilgan LAOG balansiga oʻtkazilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:
LAOGni loyihani amalga oshirish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Toshkent shahar, Olmazor tumani, Universitet koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin;
LAOG tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-aprel,
172-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy
PARAMETRLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 172-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi mablagʻlaridan foydalanish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 172-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning
PROGNOZ JADVALI
* 2021-yil 1-yanvar holatiga foiz toʻlovi uchun toʻgʻrilash stavkasi yillik 0,1 foizni tashkil etadi.
** 2021-yil 1-yanvar holatiga xizmat koʻrsatganlik uchun toʻgʻrilash stavkasi yillik 0,73 foizni tashkil etadi.
*** Majburiyatlar uchun vositachilik haqi qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.
**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.
