Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2020-yil 10-noyabrdagi “Yangidan tashkil etilgan kichik sanoat zonalarini tasdiqlash hamda kichik sanoat zonalarini infratuzilma tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi 139/VI-16-sonli qarorini oʻrganish natijalari haqida (SQ-250-IV-son)
12.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Surxondaryo viloyati Bandixon tumani “Bektepa” mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududida 1,046 km avtomobil yoʻli qurilishi obyekti uchun pudratchini oʻzgartirish boʻyicha xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2020-yil 10-noyabrdagi “Yangidan tashkil etilgan kichik sanoat zonalarini tasdiqlash hamda kichik sanoat zonalarini infratuzilma tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi 139/VI-16-sonli qarorini (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi) bekor qilish yuzasidan murojaati Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish koʻrsatganidek, 2020-yilning 29-sentabr kuni Surxondaryo viloyati Bandixon tumani “Bektepa” mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududida 1,046 km avtomobil yoʻlini qurish bilan bogʻliq obodonlashtirish obyekti boʻyicha tender savdolari boʻlib oʻtgan.
Ushbu obyekt boʻyicha tender savdolarida 2020-yilning 6-oktabr kuni “Akbar Anvar Kelajagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tender savdolari oʻtkazish komissiyasi tomonidan gʻolib deb topilgan.
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 65-moddasida tender natijalari boʻyicha shartnoma tender hujjatlarida va shartnoma tuzilayotgan tender ishtirokchisi tomonidan berilgan taklifda koʻrsatilgan shartlar asosida tuzilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi 91-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tender ishtirokchilariga yoʻriqnomada taklifni qabul qilish haqidagi xabarnoma olingan kundan boshlab 10 (oʻn) kun davomida gʻolib pudrat shartnomasini imzolashi kerakligi, agar tender gʻolibi shartnomani tuzishdan bosh tortsa, unda buyurtmachi, tender komissiyasi bilan birgalikda, ofertasi ikkinchi oʻrinni olgan oferentni tender gʻolibi deb topishi yoki takroriy tender oʻtkazishni tayinlashi mumkinligi koʻrsatilgan.
Shu bilan birga, tender savdolarida gʻolib boʻlgan “Akbar Anvar Kelajagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan yuqoridagi qonunchilikka zid ravishda shartnoma tuzilmagan, ikkinchi oʻrinni olgan oferent tender gʻolibi deb topilmagan yoki takroriy tender oʻtkazilmagan.
Bundan tashqari, Bandixon tumani hokimligi va “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining 2020-yil 9-noyabrdagi 01-02/3866-sonli va 01-02/2896-sonli xatlariga asosan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining qarori bilan Surxondaryo viloyati Bandixon tumani “Bektepa” mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududida 1,046 km avtomobil yoʻli qurilishi bilan bogʻliq obodonlashtirish obyekti “Bandixon tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasiga berilgan.
Biroq, obyektning aynan “Bandixon tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasiga berilishining huquqiy asoslari koʻrsatib oʻtilmagan.
Qonunchilikka zid ravishda Surxondaryo viloyati Bandixon tumani “Bektepa” mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududida 1,046 km avtomobil yoʻli qurilishi bilan bogʻliq obodonlashtirish obyekti pudratchisini oʻzgartirish boʻyicha tegishli qaror qabul qilingan.
Vaholanki, amaldagi qonunchilikda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining pudratchini oʻzgartirish vakolati mavjud emas.
Bundan tashqari, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasiga asosan maʼmuriy organ manfaatdor shaxsga maʼmuriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlar yuzasidan oʻz fikrini bildirish imkoniyatini berishi shart.
Mazkur Qonunning 19-moddasiga muvofiq maʼmuriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik maʼmuriy hujjatlarning va maʼmuriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta koʻrib chiqilishiga olib keladi.
Shunga qaramasdan, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan Surxondaryo viloyati Bandixon tumani “Bektepa” mahallasidagi kichik sanoat zonasi hududida 1,046 km avtomobil yoʻli qurilishi bilan bogʻliq obodonlashtirish obyekti pudratchisini oʻzgartirish masalasini koʻrib chiqishda tender savdolarida gʻolib boʻlgan pudratchining ishtirok etishi va holat boʻyicha oʻz fikrini bildirish imkoniyati taʼminlanmagan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 302-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2020-yil 10-noyabrdagi “Yangidan tashkil etilgan kichik sanoat zonalarini tasdiqlash hamda kichik sanoat zonalarini infratuzilma tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi 139/VI-16-sonli qarori qonunchilikka zid deb topilsin va bekor qilinsin.
2. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
3. Mazkur Qaror manfaatdor tomonlarga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-250-IV-son
