Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017-yil 27-iyundagi “Qarshi shahar hokimining 2011-yil 20-maydagi X-379/5-sonli qarorini bekor qilish toʻgʻrisida”gi 88/19-5-sonli qarorini oʻrganish natijalari haqida (SQ-254-IV-son)
12.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Qarluqbogʻot” mahalla fuqarolar yigʻini “Quyibogʻ” koʻchasi 51-uyda yashovchi fuqaro Xaydarova Gulnoza Roʻziboyevnaning xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017-yil 27-iyundagi 88/19-5-sonli qarorini (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi) bekor qilish yuzasidan murojaati Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijalari koʻrsatganidek, Qaror bilan Qarshi shahar hokimining xususiylashtirish natijasida fuqaro G. Xaydarovaga uy-joy berish toʻgʻrisidagi 2011-yil 20-maydagi X-379/5-sonli qarori bekor qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.
Fuqarolik kodeksining 164-moddasida mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratligi, mulk huquqining muddatsizligi, 166-moddasida mulkning daxlsizligi va qonun bilan qoʻriqlanishi, 197-moddasida mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qoʻyish (sotib olish) yoʻli bilan, shuningdek mulk huquqini bekor qiluvchi qonunchilikka asosan bekor boʻlishi, 210-moddasida davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga kelishi belgilangan.
Shuningdek, “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan fuqarolarning alohida uy, kvartira va xonaga boʻlgan egalik huquqi turar joy qiymati toʻliq toʻlangan (sotib olingan) va order olingan paytdan boshlanadi.
Ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq esa, davlat uy-joy fondi kvartiralarini, uylarini (uyning bir qismini) xususiylashtirishda yuzaga keladigan nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 24-moddasiga asosan davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqish hamda bekor qilish vakolati berilmagan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 302-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017-yil 27-iyundagi “Qarshi shahar hokimining 2011-yil 20-maydagi X-379/5-sonli qarorini bekor qilish toʻgʻrisida”gi 88/19-5-sonli qarori qonunchilikka zid deb topilsin va bekor qilinsin.
2. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (N. Umarov) zimmasiga yuklansin.
3. Mazkur Qaror manfaatdor tomonlarga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-254-IV-son
