Avtomobillarni tadqiq etish va sinash markazini tashkil etish toʻgʻrisida (187-son)
14.04.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada ishlab chiqarish moʻljallanayotgan avtomobillarning texnik darajasini, raqobatbardoshligini aniqlash va xavfsizlik standartlariga muvofiqligini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzavtosanoat” uyushmasining uyushma huzurida ilovaga muvofiq tashkiliy tuzilmaga ega boʻlgan Avtomobillarni tadqiq etish va sinash markazi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
avtomobillarning istiqbolli namunalarini namunaviy sinovdan oʻtkazish va ularning isteʼmol xususiyatlarini aniqlash;
avtomobillar modellari har xil yoʻl-iqlim sharoitlariga moslashishi darajasini baholash;
sinov natijalari boʻyicha namunalar konstruksiyasini puxta ishlashga doir tavsiyalar tayyorlash va berish;
jahon avtomobilsozligi rivojlanishining ahvoli toʻgʻrisida axborot-tahliliy ishlarni olib borish;
avtomobil xalqaro texnik markazlari bilan aloqalar oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirish.
3. Markazni mablagʻ bilan taʼminlash “OʻzDEUavto” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari, shuningdek, xoʻjalik faoliyatining amaldagi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa turlaridan olingan daromadlar hisobiga amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Markaz “Oʻzdavstandart” markazi va Toshkent avtomobil yoʻllari instituti ishtirokida 1997-yilda Janubiy avtomotopoligonda hamda yoʻl sharoitlarida DEUning “Nubira” va “Leganza” avtomobillarining yangi modellari kompleks sinovdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi “Oʻzdavstandart” markazi va Toshkent avtomobil yoʻllari instituti bilan birgalikda bir oy muddatda avtomobillarni sinash tartibi va hajmlarini, klassligi, ishonchliligi va xalqaro standartlarga ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Avtomobillarni tadqiq etish va sinash markazi Toshkent viloyatining Piskent shahridagi Janubiy avtomotopoligonda joylashishi belgilab qoʻyilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Mashinasozlik, kimyo va metallurgiya boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-aprel,
187-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 14-apreldagi 187-son qaroriga ILOVA
Avtomobillarni tadqiq etish va sinash markazining
tashkiliy tuzilmasi
