Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-244-IV-son)
12.03.2021
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) (bundan buyon matnda Ombudsman deb yuritiladi) 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tanqidiy muhokama qilib, bir qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, hisobot davrida 72 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan. Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan 20 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasiga takliflar berilgan.
Ombudsman huzurida tashkil etilgan Ekspert guruhi tomonidan qamoqda saqlash joylariga jami 76 ta monitoring tashriflari amalga oshirilib, tashriflar davomida 4 mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuv va 578 nafar mahkum bilan yakka tartibdagi suhbat oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklari sohasida amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etish, shuningdek, mintaqaviy vakillar tomonidan joylardagi tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilish yoʻnalishlaridagi faoliyati talab darajasida emas.
Xususan, Ombudsman tomonidan 2020-yil davomida atigi 7 ta tadbir oʻtkazilib, 38 marotaba ommaviy axborot vositalarida chiqish qilingan.
Qabul qilingan jami 14 975 ta murojaatdan 4 486 tasi koʻrib chiqish uchun nazoratga olinib, ular boʻyicha davlat hamda jamoat tashkilotlariga 4 987 ta soʻrov yuborilgan, 1 250 ta (25%) murojaat qanoatlantirilgan xolos.
Natijada takroriy murojaatlar soni oʻtgan yilga nisbatan oshgan (2020-yilda 2 329 ta, 2019-yilda 1991 ta, yaʼni 338 ta koʻp).
Fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan bor-yoʻgʻi 16 ta xulosa tayyorlangan, sudlarga 30 ta daʼvo arizasi hamda 21 ta taqdimnoma kiritilgan boʻlsa-da, ushbu kiritilgan taʼsir choralarining natijalari toʻliq nazoratga olinmagan (sudlarga kiritilgan daʼvo arizalari bugungi kunga qadar qanoatlantirilmagan).
Bundan tashqari, Ombudsmanning mintaqaviy vakilliklari tashkil etilganligiga 20 yildan ziyod vaqt boʻlgan boʻlsa-da, ularning oʻz faoliyatini targʻib qilish ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi natijasida joylardagi tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik faoliyati talab darajada emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 324-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yil 15-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisida”gi 752-IV-sonli Qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) ikki oy muddatda:
yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi va “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqsin;
jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga monitoring tashriflarini yoʻlga qoʻyish hamda ularning amalga oshirilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlasin;
qiynoqlarning oldini olish, shu jumladan, tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijalari yuzasidan Oliy Majlis Senatiga maʼlumot kiritsin;
murojaatlar bilan ishlashda tahlillarga asoslangan holda fuqarolar huquqlarining buzilishi toʻgʻrisidagi axborotni shakllantirishning yagona mezonini ishlab chiqsin va unda buzilgan inson huquq va erkinliklari turlarini hamda koʻp uchraydigan holatlarni belgilasin;
Oliy Majlis Senatining qoʻmitalarida inson huquq va erkinliklari buzilishiga yoʻl qoʻygan idoralar rahbarlarining eshituvini tashkil etish choralarini koʻrsin;
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan chekka hududlarda targʻibot tadbirlarini oʻtkazish yuzasidan tadbirlar rejasini tasdiqlab, Oliy Majlis Senatiga taqdim qilsin va uning ijrosini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil:
2021-yil yakuniga qadar Bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oliy Majlis palatalariga kiritsin;
bolalarning davlat organlari va mansabdor shaxslarga qilgan murojaatlarini koʻrib chiqilishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish tizimini joriy etsin;
bolaning huquq va erkinliklari buzilishi yuzasidan masʼul idora va tashkilot rahbarlarining eshituvini tashkil etish boʻyicha tayyorlangan maʼlumotnomani Senatning tegishli qoʻmitalariga taqdim qilib borsin;
taʼlim, tibbiyot muassasalari, qamoqda saqlash joylari va jazoni ijro etish muassasalariga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirsin va yil yakuni boʻyicha Oliy Majlis Senatiga maʼlumot kiritsin;
harakatlarida bola huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnoma yuborish boʻyicha faoliyatni kuchaytirsin;
“Mehribonlik uyi” bitiruvchilarini yashash uylari hamda doimiy ish joylari bilan taʼminlanishi boʻyicha doimiy ravishda monitoringlar oʻtkazib borsin.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda respublika miqyosida bolalar murojaatlarini qabul qilishga ixtisoslashgan yagona qisqa raqamli bepul “Ishonch telefoni” faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan texnik dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va ishga tushirish choralarini koʻrsin.
5. Oliy Majlis Senati qoʻmitalari:
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq parlament nazoratini amalga oshirish jarayonida Ombudsmanning ishtirokini taʼminlasin;
Ombudsman tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida inson huquq va erkinliklari buzilishiga yoʻl qoʻygan idoralar rahbarlarining eshituvini oʻtkazib borsin.
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Ombudsman va uning mintaqaviy vakillarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (N. Umarov) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-244-IV-son
