6-modda. Dehqon xoʻjaligini tashkil etish
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi hisobga qoʻyilganidan keyin, yuridik shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xoʻjaligi esa — dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Dehqon xoʻjaligi:
dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida, shuningdek dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasiga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros boʻyicha yoxud ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha oʻtgan shaxslarga berilgan yer uchastkalarida;
zaxira yerlarning, shu jumladan qayta tiklangan va foydalanishga kiritilgan yerlarning tarkibidan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;
foydalanilmayotgan oʻrmon fondi yerlari hamda boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yerlari tarkibidan xavfsizlik talablariga va texnik talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash sharti bilan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;
suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻyidagi yerlar tarkibidan xavfsizlik talablariga va texnik talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash sharti bilan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning asosiy ekindan boʻshagan qismini oraliq ekin ekish uchun bir mavsumga ikkilamchi ijaraga berilgan yer uchastkalarida oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan yerlar oʻttiz yil muddatga ijaraga beriladi.
