4-modda. Dehqon xoʻjaligi boshligʻi
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, muomalaga layoqatli boʻlgan, oʻziga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxs dehqon xoʻjaligi boshligʻi boʻlishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi dehqon xoʻjaligi nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan dehqon xoʻjaligining manfaatlarini yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarda ifodalaydi va dehqon xoʻjaligi nomidan shartnomalar tuzadi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotgan yoki uzoq vaqt yoʻq boʻlgan (harbiy xizmatga chaqirilish, kunduzgi oʻquv shaklida taʼlim olish uchun oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirish, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanish va boshqalar) taqdirda, u oʻz majburiyatlarini bajarish vakolatini ushbu xoʻjalikning aʼzolaridan biriga berishga haqlidir.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi belgilanadi. Bunda yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻiga oʻtadi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijaraga (ikkilamchi ijaraga) berilgan yer uchastkalariga nisbatan esa ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasiga tegishli oʻzgartishlar kiritiladi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi pensiya yoshiga toʻlganda yoki mehnat qobiliyatini toʻliq yoʻqotganda, shuningdek harbiy xizmatga chaqirilgan, kunduzgi oʻquv shaklida taʼlim olish uchun oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirgan, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan taqdirda, dehqon xoʻjaligi boshligʻining taklifi va dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi belgilanishi mumkin, unga yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi oʻtadi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijaraga (ikkilamchi ijaraga) berilgan yer uchastkalariga nisbatan esa ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasiga dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi toʻgʻrisidagi tegishli oʻzgartishlar kiritiladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi toʻgʻrisidagi qaror qonunchilikda belgilangan tartibda dehqon xoʻjaligi aʼzolari yigʻilishining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasida dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi haqida oʻzaro kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
