23-modda. Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
dehqon xoʻjaligi tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan hamda uni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan oʻz ulushini olish;
dehqon xoʻjaligi boshligʻining topshirigʻiga koʻra dehqon xoʻjaligi nomidan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etish;
ushbu Qonun 15-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda ijtimoiy soliqni toʻlagan taqdirda qonunchilikka muvofiq davlat ijtimoiy sugʻurtasiga ega boʻlish va ijtimoiy taʼminot olish, shuningdek dehqon xoʻjaligida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish uchun sarflangan ish vaqtining mehnat stajiga qoʻshilishi (boshqa doimiy ishi mavjud boʻlmagan taqdirda).
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari dehqon xoʻjaligining faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlar va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
