20-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi vakolatlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalari maydonini, tuproq-iqlim sharoitlari va suv taʼminotini hisobga olgan holda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi hamda ulardan bepul foydalanilishini taʼminlaydi;
dehqon xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash uchun resurslarni tejovchi agrotexnologiyalarni, muqobil energiya manbalarini joriy etishda koʻmaklashadi;
dehqon xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkalaridan samarali foydalanishga hamda dehqonchilik madaniyatini oshirishga doir tushuntirish ishlarini olib boradi;
manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda ichki va tashqi bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan taklif va talab masalalari boʻyicha marketing tadqiqotlari oʻtkazadi;
kelgusi yilda talab yuqori boʻladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari roʻyxati va hajmi boʻyicha takliflar hamda tavsiyalarni marketing tadqiqotlari natijalari asosida ishlab chiqadi va ularning joylarga yetkazilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
