18-modda. Dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Davlat dehqon xoʻjaliklarining huquqlariga va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Dehqon xoʻjaliklari tasarrufida boʻlgan yer uchastkalari maydonlarini ularning roziligisiz maqbullashtirishga (qisqartirishga, oʻzgartirishga va boshqalarga) yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organlari dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirishga va ularning faoliyatini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
dehqon xoʻjaliklarini imtiyozli kreditlash mexanizmlarini yaratish, shuningdek ularga lizing va sugʻurta xizmatlari koʻrsatish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun zarur boʻladigan organik va mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjaligi ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish vositalari, yonilgʻi-moylash materiallari, suv va boshqa zarur resurslar, navli urugʻlik va koʻchatlarni uzluksiz yetkazib berish tizimini joriy etish;
dehqon xoʻjaligi faoliyati uchun zarur boʻlgan yoʻllardan, elektr, suv taʼminotidan hamda melioratsiya inshootlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;
dehqon xoʻjaliklari ishlab chiqaradigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlardagi talab hamda taklif toʻgʻrisida ishonchli axborot, shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishga doir ilmiy-amaliy tavsiyalar hamda qoʻllanmalar taqdim etish;
dehqon xoʻjaliklarida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun dehqon bozorlarida maxsus savdo rastalarini va savdo markazlarida savdo joylarini ajratish, shuningdek aholi punktlarida koʻchma savdo tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
dehqon xoʻjaliklari ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun imtiyozlar tizimini joriy etish;
dehqon xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, shuningdek ularning hajmlarini koʻpaytirishni hamda ilgʻor ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini koʻrish.
