9-modda. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tomorqa xoʻjaliklarini yuritishni tashkil etish va ularni rivojlantirish sohasidagi faoliyati
Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-681-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi:
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishda, shu jumladan agrotexnika tadbirlarini bajarishda hamda shartnomalar tuzishda, mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilishda har tomonlama yordam koʻrsatadi;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, taʼminot va xizmatlar koʻrsatish tashkilotlari bilan oʻzaro munosabatlarda himoya qiladi, shuningdek sudda ularning manfaatlarini ifoda etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
resurslarni tejovchi agrotexnologiyalarni, muqobil energiya manbalarini joriy etishga koʻmaklashadi;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida dehqonchilik madaniyatini oshirishga koʻmaklashadi, shuningdek ulardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq samarali foydalanilishini taʼminlashga doir tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yer uchastkalaridan xususiy yer egalari tomonidan foydalanilishi masalasi boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida:
ichki va tashqi bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabni hisobga olgan holda ularni yetishtirish (qayta ishlash) masalalariga doir tavsiyalarni ishlab chiqadi hamda bepul va pulli asosda tomorqa xoʻjaliklariga taqdim etadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashqi bozorga yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi.
