13-modda. Tomorqa xoʻjaliklarining hisobini yuritish
Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-681-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Tomorqa xoʻjaliklarining hisobi shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun foydalaniladigan shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan Tomorqa xoʻjaliklarini hisobga olish reyestrini shakllantirish orqali yuritiladi.
Tomorqa xoʻjaliklarini hisobga olish reyestrida quyidagi axborot aks ettiriladi:
shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining, shuningdek u bilan birga yashovchi yoki tomorqa xoʻjaligini yuritishni birgalikda amalga oshiruvchi boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi;
shaxsiy tomorqa yer uchastkasining don ekinlari, mevali va manzarali daraxtlar ekilgan, shuningdek boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladigan (qayta ishlanadigan) maydoni;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarining, asalarilarning, parrandalarning va ipak qurti qutilarining soni;
qishloq xoʻjaligi texnikasining, uskunalarining, transport vositalarining soni toʻgʻrisidagi axborot.
Tomorqa xoʻjaliklarini hisobga olish reyestrida aks ettirilgan maʼlumotlardan qonunchilikda belgilangan tartibda tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirishga doir asosiy koʻrsatkichlarni shakllantirish va amalga oshirish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida foydalaniladi.
