Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 17-noyabrdagi “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi KQ-156-IV-sonli Qarori ijro etilishining borishi toʻgʻrisida (KQ-200-IV-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 17-noyabrdagi “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi KQ-156-IV-sonli Qarori ijro etilishining borishi toʻgʻrisida (KQ-200-IV-son)
15.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi “2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4889-sonli qarorida belgilangan chora-tadbirlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 17-noyabrdagi KQ-156-IV-sonli Qarori (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi) ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan jami 1359 ta investitsiya loyihasidan 734 ta (54 foizi) ishga tushirilib, 4535 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, 2021-yilning I choragida 45 ta loyiha, yil yakuniga qadar jami 887,7 mln. AQSh dollariga teng 711 ta loyiha ishga tushirilib, 22 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past boʻlgan Boʻzatov, Taxtakoʻpir va Shumanay tumanlarida 105 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 750 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida sharoiti ogʻir toifadagi 45 ta mahallada 302 ta oila “Temir daftar”ga, 3261 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga, 3 ming 464 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
Mazkur mahallalar uchun qariyb 3 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan boʻlib, bugungi kunda 437 ta obyektda ish olib borilmoqda. Xotin-qizlarning 296 nafariga amaliy yordam koʻrsatildi, 198 nafarining bandligi taʼminlandi, 50 nafari kasb-hunarga oʻqitildi hamda 69 nafariga tadbirkorlik uchun kredit ajratildi.
Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan Taxtakoʻpir tumanidagi sharoiti ogʻir toifaga kiritilgan “Qoʻngʻirotovul” hududida qiymati 1 mlrd. 200 mln. soʻmlik soatiga 5 kub metr suvni tozalaydigan va chuchuklashtiradigan inshoot oʻrnatildi.
Oʻrganishlar jarayonida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, dasturga kiritilgan ayrim loyihalarni ishga tushirishda banklar tomonidan kreditlarni oʻz vaqtida ajratish masalasida muammolar yuzaga kelmoqda. Ayrim loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya qoʻmitasidan litsenziya olish jarayoni 7 oydan 12 oygacha choʻzilib ketmoqda.
Bundan tashqari, sharoiti ogʻir 45 ta mahallaning bosh reja sxemalarini ishlab chiqishda piyodalar yoʻlaklarini qurish, ichimlik suvi taʼminoti kabi birlamchi va kamxarj tadbirlar, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼmuriy binolarini qurish kabi dolzarb masalalar uzoq muddatlarga qoldirilgan. Ayrim mahalla raislari hududning bosh rejasi bilan yaqindan tanishmagan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlashni toʻgʻri tashkil etmagan. Qator fuqarolar yigʻini raislarining huquqiy bilimlari yetarli emas.
Amalga oshiriladigan loyihalarning istiqboli va ijro muddatlari chuqur tahlil qilinmagan holda manzilli dasturlar roʻyxati shakllantirilgan. Bu esa qator loyihalar ijro muddatining choʻzilishiga, ayrim loyihalarning boshqa loyihalar bilan almashtirilishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarining yetarli darajada yoritilmasligi aholining tegishli rivojlanish dasturlaridan xabardorlik darajasi pasayib ketishiga olib kelmoqda.
2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari ijrosining borishi toʻgʻrisida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi B. Alixanovning axborotini eshitib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash yuzasidan doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi idoralararo ishchi guruh (bundan buyon matnda Ishchi guruh deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ishchi guruh ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutadigan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqsin va ijroga qaratsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4889-sonli qarorida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyatini aholi orasida tushuntirish va targʻib qilish ishlarini tashkil etish;
madaniy-maʼrifiy targʻibot ishlarini kuchaytirish, mahalliy aholining tarixi, madaniyati, urf-odatlariga bagʻishlangan turkum loyihalar tayyorlash;
aholiga madaniy-maʼrifiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini jalb qilgan holda hududning tarixiy, madaniy meros obyektlari toʻgʻrisidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini tantanali nishonlash, tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish choralarini koʻrish;
Nukus shahrida aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Nafosat” festivali oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish ishlarini tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida fan-taʼlim, madaniyat, sport va umuman jamiyat hayotining barcha jabhalarida faollik koʻrsatgan xotin-qizlar haqida maʼlumot tayyorlash, umumlashtirish, ommabop kitob holatida nashr etish choralarini koʻrish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasidan chiqqan sportchilar, shoirlar, yozuvchilar, madaniyat, fan va davlat arboblari, olimlar faoliyatini jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish choralarini koʻrish;
hududlar kesimida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan qisqa roliklar tayyorlash va telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar orqali efirga uzatilishini taʼminlash, bosma ommaviy axborot vositalarida maqola va xabarlarni koʻpaytirish orqali aholini xabardor qilib borish.
3. Ishchi guruh amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har chorakda Senatga batafsil maʼlumot kiritib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vazirlik, idoralar va tijorat banklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda quyida keltirilgan masalalarni hal etish choralarini koʻrsin:
shahar va tumanlarga biriktirilgan vazirlik va idoralar, tijorat banklarining loyihalar ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼuliyatini oshirish;
banklar tomonidan dasturga kiritilgan loyihalar uchun kredit mablagʻlarini ajratish mezonlarini qayta koʻrib chiqish;
dasturga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan litsenziya berish muddatlarini qisqartirish masalasini oʻrganish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yoritishga jiddiy eʼtibor qaratish;
mahalliy hokimliklarga sharoiti ogʻir toifaga kiritilgan 45 ta mahallada tadbirkorlik uchun toʻgʻridan toʻgʻri yer ajratishga ruxsat berish masalasini oʻrganish va Senatga taklif kiritish.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ikki hafta muddatda:
sharoiti ogʻir toifaga kiritilgan 45 ta mahallada tegishli vazirlik, idoralar mutaxassislarini biriktirgan holda “shtab”lar tashkil etish;
bosh reja sxemalarini aholining birlamchi va zarur ehtiyojlaridan kelib chiqib qayta ishlash;
mahallalar (ovullar) raislari va xodimlarining siyosiy-huquqiy hamda maʼnaviy savodxonligini oshirish choralarini koʻrsin.
6. Oliy Majlis Senatining qoʻmitalari, Joʻqorgʻi Kenges va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlariga dastur ijrosi ustidan qatʼiy parlament va deputatlik nazorati olib borish tavsiya etilsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi B. Alixanov zimmasiga yuklansin.
8. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 15-mart,
KQ-200-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 15-martdagi KQ-200-IV-sonli Qaroriga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash yuzasidan idoralararo Ishchi guruh
TARKIBI
1. Narbayeva Tanzila Kamalovna Senat Raisi, Ishchi guruh rahbari 2. Alixanov Boriy Botirovich Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi 3. Lavozimga koʻra Xavfsizlik Kengashi apparati vakili 4. Xolxoʻja�v Saidqaxxor Muxammadkarim oʻgʻli Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari 5. Taparov Qurbomurod Xolmuratovich Moliya vaziri oʻrinbosari 6. Ikramov Azizbek Israilovich Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari 7. Absoatov Yusuf Qodirovich Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari 8. Sharifxodjayev Usmon Ulfatovich Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari 9. Qoʻqonboyev Umidjon Abduraximovich Madaniyat vaziri oʻrinbosari 10. Muxtarov Farux Shaxobidinovich Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari 11. Bozorov Gʻayrat Nazarovich Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari 12. Kattaxanova Dilnoza Sobir qizi Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari 13. Xodjayev Ashraf Baxodirovich Tashqi ishlar vazirligi iqtisodiy diplomatiya departamenti direktori 14. Aimbetov Nagmet Kalliyevich Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi 15. Allambergenov Farxat Embergenovich Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori 16. Tursunov Elmurod Ergashevich Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning oʻrniga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.