Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-6196-son)
26.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi boʻgʻinidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash maqsadida:
1. Ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari etib quyidagilar belgilansin:
har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolarni bevosita joylarning oʻzida hal etish;
hududlarda jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahallalarni toifalarga ajratish hamda hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat oʻchoqlari”ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalarni jalb qilish;
“respublika — viloyat — tuman — mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, ichki ishlar va boshqa davlat organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash;
ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning masʼuliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi koʻrinishlariga qarshi kurashish uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish hamda sohani toʻliq raqamlashtirishga erishish.
2. Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari bosqichma-bosqich tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi boʻgʻini hisoblanadi;
mahalla huquq-tartibot maskani negizida hududdagi ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati tashkil etiladi;
mahalla huquq-tartibot maskani tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi profilaktika inspektoriga yuklanadi.
Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M. Joʻrayev:
Toshkent shahar hokimi bilan birgalikda uch oy muddatda poytaxtda mahalla huquq-tartibot maskanlarining faoliyatini yangi talablarga koʻra namunaviy tarzda tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda joriy yil yakuni boʻyicha Toshkent shahridagi mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatidan kelib chiqqan holda respublikaning boshqa hududlarida mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
3. Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi “Smart mahalla” axborot dasturi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi (O.M. Umarov) va Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxodjayev) mazkur axborot dasturini 2021-yil 1-iyunga qadar Toshkent va Samarqand viloyatlarida, joriy yilning yakunigacha esa respublikaning boshqa hududlarida ishga tushirsin.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) bir oy muddatda viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan har oy yakuni boʻyicha aholiga Internet tizimidagi axborot resurslari orqali hududdagi kriminogen vaziyat yuzasidan “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” qilib borish amaliyotini joriy etsin.
4. Tuman va shahar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida:
Toshkent shahridagi 24 ta ichki ishlar boʻlimlari va ayrim tuzilmalarining rahbarlik lavozimlari maqbullashtirilib, boʻshatilayotgan shtat birliklari poytaxt ichki ishlar organlarining profilaktika va tergov-tezkor tuzilmalarini kuchaytirishga yoʻnaltirilsin;
joylardagi kriminogen va ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib, tuman va shahar ichki ishlar organlarining tashkiliy-shtat tuzilmalarini shakllantirish va muntazam oʻzgartirib borish tartibi joriy etilsin;
tuman va shahar probatsiya boʻlinmalari tegishincha tuman va shahar ichki ishlar organlarining bevosita boʻysunuviga oʻtkazilib, probatsiya hisobiga olingan shaxslarni kunlik nazorat qilishda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik mexanizmlari belgilansin.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov):
bir oy muddatda Toshkent shahri tajribasiga asosan respublikaning barcha hududlaridagi ichki ishlar boʻlimlari (boʻlinmalari)ni va ayrim tuzilmalarining rahbarlik lavozimlarini maqbullashtirish hamda boʻshaydigan shtat birliklarini jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasiga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda mazkur Farmon bilan belgilanayotgan talablarni inobatga olgan holda hududiy ichki ishlar organlarining yangi tashkiliy-shtat tuzilmalari boʻyicha takliflar kiritsin.
5. Ichki ishlar vazirligi tuzilmasini takomillashtirish orqali turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishning yagona tizimini joriy etish maqsadida:
a) quyidagilar tashkil etilsin:
Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi, Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasini oʻz ichiga oladigan Tezkor-qidiruv departamenti;
Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Probatsiya xizmatini oʻz ichiga oladigan Jamoat xavfsizligi departamenti;
Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi, Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasini oʻz ichiga oladigan Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti;
Kadrlar bosh boshqarmasi, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boshqarmasi, kasbiy tayyorgarlik boshqarmasini oʻz ichiga oladigan Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti.
Belgilansinki, ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari tashkil etilayotgan tegishli departamentlarning bevosita rahbarlari hisoblanadi va ularning zimmasiga departamentlarga qoʻyilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
b) Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Jazoni ijro etish departamenti) etib qayta tashkil etilsin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Jazoni ijro etish departamenti bevosita ichki ishlar vaziriga boʻysunadi va vazirning zimmasiga ichki ishlar organlarining jinoiy jazolarni ijro etish tizimini rivojlantirish va unda qatʼiy intizomni taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
ichki ishlar organlarining barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmaviy-funksional boʻysunuvidan chiqarilib, Jazoni ijro etish departamenti boʻysunuviga oʻtkaziladi;
tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va ularda kunlik nazoratni olib borish Jazoni ijro etish departamenti tizimida tashkil etiladigan 6 ta mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmasi va rahbar lavozimlarini maqbullashtirish orqali mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
a) quyidagi lavozimlar tugatilsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining oʻrinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻi;
viloyat ichki ishlar boshqarmasi (bosh boshqarmasi) boshliqlarining probatsiya va jazoni ijro etish masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi lavozimi joriy etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
patrul-post va yoʻl-patrul xizmati boʻlinmalari faoliyatini, shuningdek, mahallalar va jamoat joylarida manzilli profilaktik tadbirlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish;
muqaddam sudlangan va probatsiya hisobiga olingan shaxslar bilan ishlash hamda ichki ishlar organlarining tungi xizmatini tashkil etish.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi joriy etilayotgan boshqaruv tizimini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Ichki ishlar vazirligining huquqiy statistikani yuritishni takomillashtirish, uning kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognoz qilishdagi rolini oshirish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi va uning hududiy boʻlinmalarini (keyingi oʻrinlarda — Huquqiy statistika markazi) tashkil etish hamda quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash:
jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklar statistikasini yuritish, jinoyatchilik holatini, shu jumladan hududlar va huquqbuzarliklar turlari kesimida statistik tahlilni amalga oshirish;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va fosh etishda foydalanish uchun tezkor-maʼlumotlar hisoblari, ichki ishlar organlarining arxiv-maʼlumotlari va maxsus fondlarini yuritish, shuningdek, shaxslarning qidiruvini eʼlon qilish jarayonini taʼminlash;
avtotransport vositalari, fuqaroviy va xizmat oʻqotar qurollari, qidiruvdagi shaxslar va ashyolar, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligiga koʻmaklashuvchi boshqa maʼlumotlar boʻyicha avtomatlashtirilgan axborot bankini yuritish.
Belgilansinki:
Huquqiy statistika markazi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi negizida, shuningdek, Bosh prokuraturaning Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tugatilib, uning vazifalari va 120 ta shtat birliklari, ularni saqlash uchun koʻzda tutilgan Davlat budjeti mablagʻlari bilan birgalikda ichki ishlar organlariga oʻtkazilishi hisobiga tashkil etiladi;
ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari boʻyicha oʻrinbosari N.S. Turaxodjayev zimmasiga Huquqiy statistika markazi faoliyatini toʻliq raqamlashtirish va mazkur sohada inson omilini istisno etishni taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
8. Ichki ishlar organlari tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xarita”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va quyidagilar uning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy oʻzgartirishlarni amalga oshirish;
maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, malakali kadrlarni uzluksiz tayyorlash tizimini yaratish;
ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish;
ichki ishlar organlari xodimlari va ular oila aʼzolarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini hamda maishiy sharoitlarini yaxshilash.
9. Ichki ishlar vazirligi:
bir hafta muddatda ichki ishlar organlari faoliyatini mazkur Farmonga asosan tashkil etish mexanizmlarini belgilovchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi, Ichki ishlar organlari tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasi va Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi loyihalarini kiritsin;
ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” naminatsiyalari boʻyicha har yili respublika tanlovini oʻtkazish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini kiritsin;
uch oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni qonunchilik hujjatlariga kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Mazkur Farmonning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-mart,
PF-6196-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son Farmoniga 1-ILOVA
Ichki ishlar organlari tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh:
1. Normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
2. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda ularni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5005-son Farmonining 3 — 5-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5566-son Farmonida:
1-band, 7-bandning “a” kichik bandi, 9 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
6-bandning uchinchi xatboshisida “Bosh prokuratura” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-bandning ikkinchi xatboshisidan “Boshqarma bilan birgalikda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
12-bandning uchinchi xatboshisidagi “Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-5019-son Farmoni 4-bandining beshinchi xatboshisidagi “4 165 va “1 071” raqamlari tegishincha “4 195” va “1 031” raqamlari bilan almashtirilsin.
