18-modda. Ekologik audit subyektining huquq va majburiyatlari
Ekologik audit toʻgʻrisida (O‘RQ-678-son) · Sana: 15.03.2021 · Amalda
Ekologik audit subyekti quyidagi huquqlarga ega:
ekologik auditning yoʻnalishi, ish hajmlari va rejasi bilan tanishish;
ekologik auditorlardan tabiatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni ishlab chiqish va oʻtkazish, ekologik audit oʻtkazish chogʻida aniqlangan kamchiliklar hamda qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha maslahatlar va tavsiyalar olish.
Ekologik audit subyekti:
ekologik auditorlarni ekologik auditni ekologik auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda oʻtkazishi uchun tegishli shart-sharoitlar bilan taʼminlashi;
ekologik auditorlarga texnologik asbob-uskunalarning ishga yaroqliligi va samaradorligini aniqlash nuqtai nazaridan koʻzdan kechirishi, chiqindilar toʻplanadigan va saqlanadigan joylarni, atmosfera havosini, suv va yer resurslarini ifloslantiruvchi manbalarni tekshirish, biologik resurslarni saqlash maqsadida hududni oʻrganishi, shuningdek laboratoriya sinovlarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan namuna va nusxalar olishi uchun imkoniyat berishi;
ekologik audit jarayonida aniqlangan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablarining buzilishlarini bartaraf etishi shart.
