Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-martdagi 96-F-son farmoyishi (96-F-son)
10.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
“Navroʻz” umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish, hududlarning epidemiologik osoyishtaligini saqlash, sogʻlom turmush tarzi va sanitariya-gigiyenik madaniyatni targʻib qilgan holda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik vakillarining 2021-yil 13-mart kuni mamlakatimizning barcha hududlarida “Obod va koʻrkam mahallam” obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. 2021-yil 13-mart kuni “Obod va koʻrkam mahallam” obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini (keyingi oʻrinlarda — umumxalq hashari) oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruh (A. Ramatov), Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumxalq hasharini oʻtkazish doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutsinlar:
mahallalar, aholi punktlari, koʻp qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;
“Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul koʻchatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionyerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz qariyalar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish;
joylarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari oʻtkazilishi jarayonida toʻplangan chiqindilarning mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini taʼminlash;
obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish qatnashchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq umumxalq hasharini tegishli tashkilotlar hududiga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda oʻtkazish;
umumxalq hashari doirasida boʻlmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-taʼmirlash va qishloq xoʻjaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatʼiy yoʻl qoʻyilmagan holda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, ish oʻrinlarini tartibga keltirish ishlarini amalga oshirish;
avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar, suv obyektlari, qirgʻoqboʻyi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilishi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni oʻtkazish taqiqlanganligini qatʼiy nazoratga olish;
ushbu targʻibot-tashviqot tadbirlarida joylarda ish beruvchilar tomonidan hasharda koʻzda tutilgan ishlar uchun ishchilarni majburiy tarzda jalb etishga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik, shunday holatlarga yoʻl qoʻygan mutasaddilarga jazo choralarini qoʻllash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʻi, Akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan miqdordagi koʻchatlar hamda qalamchalarni olish istagini bildirgan respublika boʻyicha hududlardagi barcha xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlarga shartnoma asosida va qonunchilikda belgilangan tartibda pul oʻtkazish yoʻli bilan tashkilotlarning ushbu tadbirlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlari hisobidan yetkazib berilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga “Obod va koʻrkam mahallam” obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish tadbiriga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, shuningdek, respublikaning barcha aholisi, ayniqsa, yoshlarni jalb etishda ixtiyoriylik taʼminlansin.
6. Umumxalq hasharini oʻtkazish munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablagʻlari Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimi, tuman va shahar boʻlinmalari boshqaruvlarining bankdagi hisobvaraqlariga oʻz tashabbusiga koʻra oʻtkazilishi tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi umumxalq hasharidan tushgan mablagʻlarning kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va yolgʻiz qariyalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha xarajatlarini qoplash va xodimlarini bir marta moddiy ragʻbatlantirish, ichki turizm hamda aholiga qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish kabi tadbirlarga sarflanishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi umumxalq hashari kunlari sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etgan holda, jamoat tartibini saqlash va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin hamda texnik jihatdan soz boʻlgan texnika vositalaridan foydalanishni nazoratga olsin.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga umumxalq hasharini keng yoritish tavsiya etilsin.
10. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-mart,
96-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-martdagi 96-F-son farmoyishiga ILOVA
2021-yil 13-mart kuni “Obod va koʻrkam mahallam” obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
1. A.J. Ramatov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari 2. Lavozimi boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari 3. R.T. Mamatov — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari 4. A.M. Xadjibayev — sogʻliqni saqlash vaziri 5. B.Q. Yusupaliyev — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi 6. Sh.S. Xidoyatov — uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri 7. O.R. Isakov — moliya vaziri oʻrinbosari 8. A.I. Ikramov — ichki ishlar vaziri oʻrinbosari 9. S. Turdiyev — Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi 10. S.Gʻ. Ashurov — Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari 11. B.X. Maxmadaliyev — Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi oʻrinbosari 12. D.A. Usmanov — Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi
