Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yilga moʻljallangan ish rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida (750-IV-son)
15.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalqimizning munosib hayot kechirishini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash kabi dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan mazkur muhim hujjatlarda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq bajarilishi yuzasidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar yigʻilishlarida har tomonlama chuqur va atroflicha muhokama qilinib, amalga oshiriladigan aniq vazifalar belgilab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yilga moʻljallangan ish rejasi ishlab chiqildi. Ushbu Ish rejasida quyi palataning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatiga doir muhim vazifalar, chora-tadbirlar nazarda tutildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq bajarilishini taʼminlash maqsadida hamda siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalarning taklif va fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yilga moʻljallangan ish rejasi (bundan buyon matnda Ish rejasi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
2. Ish rejasida nazarda tutilgan vazifa va tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, qoʻmitalari (komissiyalari) raislari, Devoni rahbari masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Ish rejasida belgilangan masʼul ijrochilar uning bajarilish holati toʻgʻrisida har oyning 25 sanasiga qadar (yoki soʻrovga koʻra) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Nazorat va monitoring boʻlimiga axborot taqdim etilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Nazorat va monitoring boʻlimi (A. Abdukodirov) Ish rejasining ijrosi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning borishi toʻgʻrisida har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga Ish rejasida nazarda tutilgan tadbirlar xususida tegishli vazirlik va idoralarning xabardorligini taʼminlash tavsiya etilsin.
6. Ish rejasida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-fevral,
750-IV-son
