Oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirishda parlament nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (KQ-190-IV-son)
26.02.2021
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalish va vazifalardan kelib chiqib, shuningdek davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan olib borilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar natijadorligini taʼminlash maqsadida parlament nazorati doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha qabul qilingan savdo-iqtisodiy kelishuvlar ijrosi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishidagi faoliyati boʻyicha tegishli davlat organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti joriy etildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya va Yaponiyaga rasmiy tashriflari davomida imzolangan investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijro etilishi holati yuzasidan oʻrganishlar ayrim muammolar mavjudligini koʻrsatdi.
Turkiya bilan umumiy qiymati 608,3 mln. dollarga teng boʻlgan 49 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 12 ta loyiha (107 mln. dollar) oʻz vaqtida bajarilmagan, 7 ta loyiha (223 mln. dollar) ijrosi taʼminlanmagan.
Yaponiya bilan umumiy qiymati 4 mlrd. 393 mln. dollar miqdoridagi 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, shundan 2 mlrd. 577 mln. dollarlik 19 ta loyiha muddatidan kechikmoqda, 109 mln. dollarga teng 4 ta loyiha bajarilmagan.
Ushbu loyihalarni amalga oshirishda qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ning ijrosini qatʼiy nazorat qiluvchi tizim yoʻlga qoʻyilmagan.
Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolanishi koʻzda tutilgan investitsiya loyihalarini dastlabki tarzda chuqur va har tomonlama texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish (ekspertizadan oʻtkazish) talab darajasida emas.
“Yoʻl xaritalari”da belgilangan va hududlarga tegishli boʻlgan investitsiya loyihalari ijrosini nazorat qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishda joylardagi senatorlar va mahalliy Kengash deputatlari faolligi sezilmayapti.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi R. Alimovning Turkiya va Yaponiya davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha amaliy harakatlar rejalari va tegishli “yoʻl xaritalari”ning ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan koʻrilgan choralar haqidagi axborotini eshitib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch hafta muddatda Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi faoliyatini talab darajasida yoʻlga qoʻysin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar (“yoʻl xaritalari”) ijrosini oʻrganish boʻyicha Ishchi guruhi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S. Umurzakov) ikki oy muddatda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining 2021-yil 23-fevraldagi 13-sonli Qarorida qayd etilgan investitsiya loyihalari kesimidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin hamda natijasi boʻyicha Qoʻmitaga maʼlumot kiritsin.
4. Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi 2021-yilning ikkinchi choragida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiya va Germaniyaga oliy darajadagi tashriflari yakunlari boʻyicha imzolangan savdo-iqtisodiy kelishuvlar ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining axborotini eshitsin.
5. Oliy Majlis Senatining oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar (“yoʻl xaritalari”) ijrosini oʻrganish boʻyicha Ishchi guruhi:
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan birgalikda “yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlar, shu jumladan eksport kelishuvlari va hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ijrosining holatini oʻrgansin;
“yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
tahliliy maʼlumotnomalarni tayyorlab, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasiga taqdim etib borsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlariga hududlarda amalga oshirilayotgan oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan investitsiya loyihalari ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish va xalq deputatlari Kengashida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi rahbarining axborotini eshitish amaliyotini joriy etish tavsiya etilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 26-fevral,
KQ-190-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 26-fevraldagi KQ-190-1V-sonli Qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar (“yoʻl xaritalari”) ijrosini oʻrganish boʻyicha Ishchi guruhi tarkibi
