Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining filiallari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-5016-son)
03.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchi va xodimlarini, ichki ishlar organlari safdorlar tarkibi hamda vazirlik va idoralarning qoʻriqlash (harbiylashtirilgan, qorovullik) boʻlinmalari xodimlarini (keyingi oʻrinlarda — harbiy xizmatchi va xodimlar) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, oʻquv jarayonini zamonaviy axborot va pedagogik texnologiya vositalaridan keng foydalangan holda tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining:
Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi A. Qodiriy koʻchasi 43-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamentining Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasi balansidagi Avtoxoʻjalik hududida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Toshkent filialini tashkil etish;
Ichki ishlar vazirligining Fargʻona mintaqaviy oʻquv markazini Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Fargʻona filialiga aylantirish;
Ichki ishlar vazirligining Jizzax mintaqaviy oʻquv markazini Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Jizzax filialiga aylantirish;
Surxondaryo viloyati Denov tumani Fayzli mahallasi Fayzli koʻchasi 105-uy manzilida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Surxondaryo filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Nukus, Fargʻona, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo filiallarining (keyingi oʻrinlarda — Filiallar) asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichki ishlar organlari safdor va serjantlar tarkibini maʼmuriy-huquqiy, jamoat tartibini saqlash, kasbiy va psixologik tayyorgarlik, jangovar maxsus tayyorgarlik boʻyicha qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda tor ixtisosliklar sirasiga kiruvchi safdorlar va ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga birinchi marta tayinlangan xodimlarni boshlangʻich kasbiy tayyorlash;
harbiy xizmatchi va xodimlarni vatanparvarlik, Vataniga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda odob-axloq fazilatlarini shakllantirish;
fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamoat tartibi va xavfsizligini himoya qilishga qodir boʻlgan, bilimli, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom, xizmat burchini vijdonan bajara oladigan faol harbiy xizmatchi va xodimlarni tarbiyalash;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari hamda vazirlik va idoralarning qoʻriqlash (harbiylashtirilgan, qorovullik) boʻlinmalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash;
qonuniylikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurash muammolari boʻyicha tadqiqotlarni amalga oshirish hamda amaliy takliflar, tavsiyalar va qoʻllanmalar ishlab chiqish;
harbiy xizmatchi va xodimlarni zimmasiga yuklangan xizmat vazifalarini bajarishlari uchun zarur boʻlgan nazariy bilim, amaliy koʻnikma va malakalarni puxta egallash imkonini beradigan zarur shart-sharoitlar yaratib berish;
oʻquv jarayoniga oʻqitishning ilgʻor uslub va shakllarini, zamonaviy axborot texnologiyalari vositalarini joriy qilish, harbiy xizmatchi va xodimlarning belgilangan vazifalarni hal etishga amaliy yoʻnaltirilganligini taʼminlagan holda, oʻquv-tarbiya jarayonini uzluksiz ravishda takomillashtirib borish;
harbiy xizmatchi va xodimlarning malakasini oshirishda oʻqitishning onlayn shaklini keng qoʻllash;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasining taʼlim muassasalari oʻrtasida doimiy ravishda ilmiy va amaliy tajriba almashish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
b) Filiallar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blanklarga, mustaqil balansga hamda bank muassasalarida shaxsiy hisobvaraqlariga ega boʻladi;
v) Filiallarda harbiy xizmatchi va xodimlarni hamda vazirlik va idoralarning harbiylashtirilgan va qorovullik qoʻriqlash boʻlinmalarining mutaxassislarini boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv jarayoni quyidagi hududlarga taqsimlangan holda tashkil etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Toshkent filiali — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda mutaxassislar uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Fargʻona filiali — Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda mutaxassislar uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Jizzax filiali — Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda mutaxassislar uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Nukus filiali — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda mutaxassislar uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Surxondaryo filiali — Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda mutaxassislar uchun.
5. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga quyidagi huquqlar berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida Filiallarning tashkiliy-shtat tuzilmalariga oʻzgartirish kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti mablagʻlari hisobidan qoʻriqlash boʻlinmalari uchun mutaxassislarni oʻqitish samaradorligini oshirish maqsadida Filiallarning moddiy-texnik va oʻquv-mashgʻulot bazalarini mustahkamlash, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashni amalga oshirish.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Filiallarning rahbar va pedagoglar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida hamda vazirlik va idoralarning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ixtisoslashgan oʻquv markazi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi oddiy askar va serjantlar tarkibiga mansub harbiy xizmatchilar va xodimlarni tayyorlash boʻyicha tayanch boʻlinma hisoblanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmat mutaxassislari Filiallarning oʻquv-tarbiya jarayoniga jalb qilinishini;
Filiallarda taʼlim jarayonining sifatini oshirish, oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida respublikaning yetakchi oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarining professor-oʻqituvchilar tarkibi, yuqori malakali mutaxassislari hamda ekspertlari, shuningdek, zaxiradagi harbiy xizmatchi va xodimlarni jalb qilinishini;
harbiy xizmatchi va xodimlar bilan kasbiy, jangovar va maxsus tayyorgarlik boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va ichki ishlar organlari oʻquv obyektlaridan, oʻquv moddiy-texnik bazalaridan hamda dala oʻquv maydonlaridan (poligonlaridan) bepul keng foydalanilishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki:
2022 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent mintaqaviy oʻquv markazining qurilish, rekonstruksiya va obodonlashtirish boʻyicha ishlari oʻrnatilgan tartibda Toshkent shahar harbiy-maʼmuriy sektori, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
qurilish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Toshkent filiali vaqtincha Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Shoxidontepa koʻchasi, 126-uy manzilida joylashtiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamentiga moddiy-texnik va oʻquv-mashq bazalarini mustahkamlash, takomillashtirish uchun respublikaning davlat va tijorat banklaridan kredit olishga ruxsat beriladi.
81. Tarkibida qoʻriqlash (harbiylashtirilgan, qorovullik) boʻlinmalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar har yili 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga keyingi yil uchun ushbu boʻlinmalar mutaxassislarini boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejasini taqdim etib borsin va ularning qatʼiy ijrosini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-mart,
PQ-5016-son
