Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (120-son)
04.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari miqdorini hisoblash tartibi;
bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash tartibi;
bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini moliyalashtirish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari uchun zarur mablagʻlarning Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmasi tomonidan AT “Xalq bank”ining tegishli boʻlimi (filiali)ga oʻz vaqtida oʻtkazilishi uchun masʼul etib belgilansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-mart,
120-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari bilan mukofotlangan hamda Zulfiya nomidagi va “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotlari (keyingi oʻrinlarda — davlat mukofotlari) berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom davlat mukofotlari, guvohnoma va diplom tayyorlash xarajatlarini moliyalashtirish tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari miqdorini hisoblash tartibi
3. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarining miqdori ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan miqdorlarga muvofiq aniqlanadi.
4. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotining miqdori taqdirlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori yoki Oliy Majlis palatalarining qarori (keyingi oʻrinlarda — taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror) qonuniy kuchga kirgan paytda amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari, davlat boshqaruvi organlari, harbiy boʻlinmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalar hamda boshqa yuridik shaxslar, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlari bilan taqdirlanganda bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti toʻlanmaydi.
6. “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslar ish haqi yoki pensiyasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi mablagʻlar hisobidan har oyda bazaviy hisoblash miqdorida ustama haq oladilar:
ishlovchilar (ushbu bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshisi mustasno) ish haqiga qoʻshimcha ravishda ish beruvchi mablagʻlari hisobidan;
davlat budjeti hisobidan pensiya oluvchi pensionerlarga pensiya tayinlangan tashkilot orqali Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining pensionerlari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan.
3-bob. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash tartibi
7. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng besh ish kuni davomida zarur mablagʻlarni hisoblab, oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtirib berish yuklatilgan AT “Xalq banki”ning tegishli tuman boʻlimiga (filialiga) (keyingi oʻrinlarda — masʼul bank boʻlimi) oʻtkazadi.
9. Masʼul bank boʻlimi taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng yetti ish kuni davomida oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtiradi.
Bank boʻlimi tomonidan oluvchining nomiga yozib berilgan hisob-kitob cheklari ularni davlat mukofotlari berilgan shaxslarga topshirishni tashkillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaga yuboradi.
10. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklariga asosan AT “Xalq banki”ning barcha filiallari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda, bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bankning boshqa boʻlimi tomonidan amalga oshirilganda, uning xarajatlari toʻlangan hisob-kitob cheklari va reyestrlari asosida masʼul bank boʻlimi tomonidan qoplanadi.
11. Shaxs vafot etgandan keyin mukofotlangan taqdirda bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biriga toʻlanadi.
Agar mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlari yoʻq boʻlsa, bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti toʻlanmaydi va Toshkent shahar mahalliy budjetiga qaytariladi.
4-bob. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini moliyalashtirish tartibi
12. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar tegishli yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini tasdiqlash paytida rejalashtiriladi va taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinishiga qarab yil davomida aniqlashtirib boriladi hamda aniq maqsadli hisoblanadi.
13. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tegishli xarajatlar tasnifida aks ettiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari uchun ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Ushbu Nizom qoidalarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarining
MIQDORLARI
T/r Davlat mukofoti nomi Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti miqdori (bazaviy hisoblash miqdorining baravari) 1. “Mustaqillik” ordeni 75 2. “Amir Temur” ordeni 70 3. “Jaloliddin Manguberdi” ordeni 65 4. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni 60 5. “El-yurt hurmati” ordeni 50 6. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni 45 7. “Mehnat shuhrati” ordeni 40 8. “Faxriy murabbiy” ordeni 40 9. 1-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni 40 10. 2-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni 25 11. 1-darajali “Shon-sharaf” ordeni 40 12. 2-darajali “Shon-sharaf” ordeni 20 13. “Doʻstlik” ordeni 30 14. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni 200 15. “Mardlik” ordeni 15 16. 1-darajali “Salomatlik” ordeni 30 17. 2-darajali “Salomatlik” ordeni 25 18. “Sodiq xizmatlari uchun” medali 10 19. “Kelajak bunyodkori” medali 10 20. “Jasorat” medali 10 21. “Sogʻlom turmush” medali 10 22. “Shuhrat” medali 5 23. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti 50 24. “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti 50
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Ijro muddati 1-bosqich Toshkent shahar hokimligi Moliya bosh boshqarmasi Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini hisoblab, oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtirib berish yuklatilgan AT “Xalq banki”ning tegishli tuman boʻlimiga (filialiga) (keyingi oʻrinlarda — masʼul bank boʻlimi) oʻtkazadi. Taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng besh ish kuni davomida 2-bosqich Masʼul bank boʻlimi Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklarini rasmiylashtiradi hamda ularni davlat mukofotlari berilgan shaxslarga topshirishni tashkillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaga yuboradi. Taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng yetti ish kuni davomida 3-bosqich AT “Xalq banki”ning barcha filiallari Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini oluvchining nomi yozilgan hisob-kitob cheklariga asosan bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti toʻlovini amalga oshiradi. Murojaat etilgan vaqtning oʻzida
