3-modda. Xususiy korxona
Xususiy korxona toʻgʻrisida (558-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb eʼtirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir.
Xususiy korxona oʻz mulkida alohida mol-mulkka ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Xususiy korxona oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Xususiy korxona mulkdori korxonaning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda xususiy korxonaning majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar boʻladi.
