Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro maktab tashkil etish toʻgʻrisida (328-son)
21.08.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar xodimlarining bolalari taʼlim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining:
1995-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahrida taʼlim muassasasining yangi turini — chet el diplomatiya vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar xodimlarining bolalarini oʻqitish uchun oʻz faoliyatini toʻliq muassislar va ota-onalarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiruvchi xalqaro maktabni tashkil etish;
Xalqaro maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etish va uning daromadlarini yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan ajnabiy fuqarolarning ixtiyoriy badallari hisobidan shakllantirish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
oʻn kun muddatda Xalqaro maktab toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin;
xalqaro maktabni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin va akkreditatsiya qilsin,
3. Adliya vazirligi oʻn besh kun muddatda Xalqaro maktab toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Xalq taʼlimi vazirligi va Adliya vazirligi, shuningdek manfaatdor chet el vakolatxonalari bilan birgalikda bir oy muddatda xalqaro maktab oʻquvchilariga beriladigan hujjatlar namunalarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xalqaro maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibi haqidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, xalqaro maktabda oʻqitish “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga qatʼiy rioya qilgan holda maktab rahbariyati bilan ota-onalar oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
6. Toshkent shahar hokimligi xalqaro maktabga ijara asosida tegishli binolar ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xalqaro maktabda ishlovchi chet ellik oʻqituvchilarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi bilan bogʻliq masalalarni belgilangan tartibda hal etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda respublikada oʻqitishni xalqaro standartlarga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiruvchi maktablarning yangi turlari tarmogʻini tajriba tariqasida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 21-avgust,
328-son
