46-modda. Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati vakolatli davlat organi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda amalga oshiradigan, auditorlik tashkilotlari tomonidan ushbu Qonun talablarini va auditorlik faoliyati standartlarini buzishlarni aniqlashga hamda kelgusida ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidan iboratdir.
Auditorlik tashkiloti auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan tashqi sifat nazoratidan ixtiyoriy asosda oʻtishi mumkin. Nazoratning mazkur turi ushbu Qonunga muvofiq vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi sifat nazoratini oʻtkazishning oʻrnini bosmaydi.
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati natijalariga koʻra qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organi auditorlik tashkilotiga nisbatan quyidagi taʼsir choralarini qoʻllashga haqli:
aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini auditorlik tashkilotining zimmasiga yuklaydigan va bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilaydigan bildirishnoma chiqarish;
ushbu Qonun 43-moddasi birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra sudga murojaat qilish;
ushbu Qonunning 29-moddasi talablarini muntazam ravishda (ikki martadan ortiq) buzganda auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Auditorlik tashkilotlari ishi sifatining tashqi nazorati natijalari aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan koʻrilgan choralar koʻrsatilgan holda vakolatli davlat organining va auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
