32-modda. Auditorlik tekshiruvi
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyekt moliyaviy hisobotining va u bilan bogʻliq moliyaviy axborotining auditorlik tekshiruvi tekshiriladigan moliyaviy hisobotning hamda u bilan bogʻliq moliyaviy axborotning ishonchliligini va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligini aniqlash maqsadida auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladi.
Ishonchlilik deganda moliyaviy hisobot maʼlumotlarining aniqlik darajasi tushunilib, u ushbu hisobot asosida xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvoli va moliyaviy-xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisida xolis xulosalar chiqarish imkonini beradi.
Auditorlik tekshiruvi ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etish sharti bilan majburiy tarzda va tashabbus shaklida oʻtkaziladi.
Auditorlik tekshiruvini davlat sirlaridan va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirdan foydalangan holda oʻtkazish faqat ularni himoya qilish choralari koʻrilganidan keyin qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun talablaridan farq qiladigan tartibda amalga oshiriladigan tekshiruv auditorlik tekshiruvi boʻlmaydi.
