3-modda. Asosiy tushunchalar
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
auditor — auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
Auditorlar reyestri — auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan auditorlarning auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan roʻyxati, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan shakllantiriladigan reyestr mustasno;
auditorlik tashkiloti — auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish va turdosh xizmatlar koʻrsatish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti;
Auditorlik tashkilotlarining reyestri — auditorlik tashkilotlarining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan roʻyxati;
auditorlik faoliyati — auditorlik tashkilotlarining auditorlik xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tadbirkorlik faoliyati;
audit qoʻmitasi — xoʻjalik yurituvchi subyektning kuzatuv kengashi aʼzolaridan iborat boʻlgan, qoida tariqasida, kamida bir nafar mustaqil aʼzoni oʻz ichiga oladigan, moliyaviy hisobotni tuzishning toʻgʻriligi ustidan nazorat oʻrnatilishi, mustaqil auditorlik tashkilotining tanlanishi, auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishi jarayonlarini kuzatish, shuningdek ichki va tashqi auditorlik tekshiruvlari natijalarini olish hamda oʻrganish uchun masʼul boʻlgan qoʻmita;
renking — auditorlik tashkilotlarining faoliyatini tavsiflovchi muayyan koʻrsatkichlar boʻyicha guruhlarga ajratilgan auditorlik tashkilotlarining tartibga solingan roʻyxatlarini shakllantirish;
talabgor — malaka sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga daʼvogar boʻlgan jismoniy shaxs.
