23-modda. Talabgorning hujjatlarini koʻrib chiqish tartibi va muddatlari
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish haqida yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Talabgorning malaka imtihonini topshirmagan holda sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun arizasini koʻrib chiqish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatda amalga oshiriladi. Talabgorlarga malaka imtihonini topshirmagan holda sertifikat berishni yoki sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish mazkur Qonunning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berilgan, shuningdek xalqaro buxgalter sertifikatiga yoki kamida oʻn yillik uzluksiz auditorlik ish stajiga ega boʻlgan talabgorlar roʻyxati auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan tasdiqlanadi va uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Malaka imtihoni topshirishiga ruxsat berilgan talabgorlar malaka imtihoni oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida imtihon oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn ish kuni oldin yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
Xalqaro buxgalter sertifikatiga yoki kamida oʻn yillik uzluksiz auditorlik ish stajiga ega boʻlgan talabgorlarga auditorlar respublika jamoat birlashmasining taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishi natijalari toʻgʻrisida xabarnomalar yuboriladi.
Sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilganda ariza taqdim etilgan sanadan to sertifikatning amal qilish muddati tugaydigan sanagacha boʻlgan vaqt davri auditor sifatidagi uzluksiz ish stajiga qoʻshiladi.
Auditor sifatidagi uzluksiz ish stajini aniqlash chogʻida auditor lavozimiga tayinlashlar oraligʻidagi bir oydan koʻp boʻlmagan vaqt davri uzilish deb qaralmaydi.
Agar talabgor malaka imtihonini topshirishga ikki marta kelmagan boʻlsa, taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi. Bunda sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun arizani koʻrib chiqish uchun toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
