17-modda. Auditor. Auditorning yordamchisi
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditor oʻzi bilan auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida bir vaqtning oʻzida faqat bitta auditorlik tashkiloti tarkibida ishlashi mumkin.
Auditor oʻzi ishlaydigan faqat bitta auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin.
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganligi munosabati bilan Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan auditorlik tashkilotini ilgari boshqargan auditor auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan sanadan eʼtiboran uch yil ichida boshqa auditorlik tashkilotining rahbari boʻlishi mumkin emas.
Auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlmagan, auditorlik tashkilotida ishlovchi hamda auditorning topshirigʻiga koʻra auditorlik xulosasiga va auditorlik tekshiruvini oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa hujjatga imzo qoʻyish huquqisiz auditorlik tekshiruvida ishtirok etadigan jismoniy shaxs auditorning yordamchisidir.
Auditorning yordamchisiga nisbatan uning auditorlik tekshiruvida ishtirok etishi chogʻida oʻzi olgan maʼlumotlarni oshkor etmaslik majburiyati tatbiq etiladi.
