6-modda. Birja faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishi
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (260-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Kuchini yo'qotgan
Birjalar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Birjalar yoki ularning aʼzolari tomonidan birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi talab bilan ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritishga haqlidir.
Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlarning ushbu Qonun 14 va 15-moddalari talablarining buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini birjalar tomonidan bajarilmagan taqdirda, birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar birja litsenziyasining amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga yoki birja litsenziyasining amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoxud uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sudga murojaat etishga haqlidir.
Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlarning qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno, birjalarning mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha sudlarga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadilar.
