19-modda. Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (260-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Kuchini yo'qotgan
Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi birja ijro etuvchi organining tashabbusi bilan yiliga kamida bir marta yigʻiladi.
Birja aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi, agar uni chaqirish toʻgʻrisidagi talab brokerlik oʻrinlari umumiy sonining kamida oʻn foiziga ega boʻlgan birja aʼzolari tomonidan yozma ravishda bildirilgan boʻlsa, chaqirilishi mumkin.
Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi:
birja savdosi qoidalarini va birja komissiyalarining tarkibini kelishib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
birja faoliyatini takomillashtirish va birja savdolari samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan takliflar tayyorlaydi va ularni birjaning boshqaruv organlariga kiritadi;
birja ustaviga binoan boshqa masalalarni ham hal etadi.
Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish va yigʻilish tomonidan qarorlarni qabul qilish tartibi birja aʼzolarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi.
