15-modda. Birjalarni tashkil etish va ularning faoliyati sohasidagi cheklashlar
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (260-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Kuchini yo'qotgan
Birja ishlab chiqarish, savdo, savdo-vositachilik faoliyatini bevosita amalga oshirishi, shuningdek boshqa yuridik shaxslarning muassisi (aksiyadori) boʻlishi mumkin emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari birja muassisi (aksiyadori) boʻla olmaydilar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Birja xodimlariga brokerlik oʻrinlarini sotib olish, shuningdek xizmat axborotidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Birjada:
birja axborotnomasiga kiritilmagan tovarlarni birja savdolarida sotishga;
birja savdolari ishtirokchilarining birjadagi joriy narxlar oʻzgarishi yoki qatʼiy qilib qoʻyilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday kelishilgan xatti-harakatlar sodir etishiga;
bozor konʼyunkturasini sunʼiy ravishda oʻzgartirishga sababchi boʻlishi mumkin boʻlgan yolgʻon maʼlumotlarni tarqatishga;
birja aʼzolari oʻrtasida tuzilgan birja bitimlarini birja savdolarini oʻtkazmasdan turib roʻyxatga olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
